AsosiyJamiyat

O`tgan yili avtomobil yo`llari orqali 1,04 milliard tonna yuk tashildi

'O`tgan yili avtomobil yo`llari orqali 1,04 milliard tonna yuk tashildi'ning rasmi

2018 yilning 20-21 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo`lib o`tadigan «Markaziy Osiyo xalqaro transport tizimida: strategik istiqbol va amalga oshirilmagan imkoniyatlar» mavzusidagi Xalqaro konferensiya doirasida Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi tomonidan o`tkaziladigan sho``ba yig`ilishida qatnashish uchun bugungi kunga qadar qo`mita tomonidan taklif etilgan mehmonlarning 27 tasi – Xalqaro konferensiyada ishtirok etishlarini tasdiqladi.

Taklif etilgan mehmonlar orasida Xalqaro yo`l federasiyasi vakillari, TRASEKA Hukumatlararo komissiya bosh kotibi, Xalqaro yo`l assosiyasining bosh kotibi, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari, Singapur transport va kommunikasiya vazirligi, Yaponiya, Germaniya, Turkiya hamda Markaziy Osiyoning yo`l sohasidagi kompaniyalari top-menedjerlari ham borligi bu tadbirga bo`layotgan qiziqishning jiddiy ekanligini bildiradi.

Sohaga oid sho``ba yig`ilishida jami 110 kishi, jumladan, 71 nafar xorijiy mehmon, 39 nafar mahalliy mutaxassis ishtirok etadi.

Ma`lumot uchun aytib o`tish kerakki, respublikamizdagi jami avtomobil yo`llar tarmog`i qariyb 184 ming kilometr uzunlikda bo`lib, undan 42676 kilometri – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari, 116560 kilometri - ichki xo`jaliklararo, qishloq, shahar va ovullarning avtomobil yo`llari, 24750 kilometri esa - idoraviy inspektorlik yo`llari tarmog`i hisoblanadi.

So`nggi ikki yil ichida jahon miqyosida avtotransport vositasida yuklarni tashish hajmi 50,8 foizdan – 70,6 foizga oshgan. Shundan kelib chiqqan holda, transport-tranzit avtomobil yo`llaridan samarali foydalanish – har qanday davlat uchun ulkan daromad manbaidir.

Qo`shni davlatlar bilan yo`lga qo`yilgan hamkorlik aloqalari doirasida ular bilan hamkorlikda yangi avtomobil yo`llari qurish, u orqali xorij davlatlariga yo`l ochish, ayni paytdagi avtomobil yo`llarini esa birgalikda ta`mirlab, foydalanish kabi g`oyat samarali ishlar haqida kelishib olingan. Buning natijasida yuklarni avtomobil yo`llari orqali tashish hajmi – o`tgan yil yakunlariga ko`ra 1,04 milliard tonnani tashkil etib, bu – oldingi yilga qaraganda 3,7 foizga ko`p. Tranzit yuklarni tashish hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda.

Bugungi kunda O`zbekistonda 10 ta xalqaro transport yo`laklari hamda ushbu yo`nalishlardagi avtomobil yo`llarini ta`mirlash, qayta qurish va foydalanish bo`yicha ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimiz bu boradagi 11 xalqaro konvensiya a`zosi hisoblanadi, 29 davlat bilan sohaga tegishli shartnomalarga imzo chekkan.

Ushbu tadbirlar doirasida – O`zbekiston Respublikasi hududidan xalqaro yuklarni tashishga mo`ljallangan 52 ta avtomobil yo`llari belgilangan.

Qo`mita tomonidan qilingan ishlar raqamlarda:

a) Qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash bo`yicha:

- 2017 yilda – 40 km qurilib, rekonstruksiya qilingan, 21,5 km kapital ta`mirlangan, jami – 61,5 km;

- 2018 yilda – 137,7 km qurilib, rekonstruksiya qilingan, 20,5 km kapital ta`mirlangan, jami 158,2 km;

Ko`rsatkich o`tgan 2017 yilga nisbatan 257 foizga o`sgan.

b) Joriy ta`mirlash va saqlash bo`yicha:

- 2017 yilda – 1120 km;

- 2018 yilda – 1275 km;

Ko`rsatkich o`tgan 2017 yilga nisbatan 113,8 foizga o`sgan.

v) Ichki xo`jalik yo`llari va shahar ko`chalari bo`yicha:

- 2017 yilda – 2760 km yo`llar ta`mirlangan;

- 2018 yilda – avvalgi dasturlar bo`yicha – 1682 km, «Obod qishloq» dasturi bo`yicha – 1351 km, «Obod mahalla» dasturi bo`yicha – 26 km, jami – 3059 km;

Ko`rsatkich o`tgan 2017 yilga nisbatan 110,8 foizga o`sgan.

    Boshqa yangiliklar