AsosiyMadaniyat

Rashid Malikov Xalqaro kinofestival hakamlar hay`atiga raislik qildi

'Rashid Malikov Xalqaro kinofestival hakamlar hay`atiga raislik qildi'ning rasmi

Joriy yilning 21 sentyabrida Yaltada III Xalqaro “Evraziyskiy most” (“Evroosiyo ko`prigi”) kinofestivali start oldi.

Bu yilgi badiiy filmlar konkursining hakamlar hay`ati raisi o`zbekistonlik rejissyor Rashid Malikov bo`ldi.

Bundan tashqari, hakamlar hay`ati tarkibida rossiyalik aktrisa Alyona Babenko va bolgariyalik aktrisa Anya Pencheva ham bor edi.

Festivalni Evgeniya ShelyakinaningAleksandr Xristoforovning boqiy hayoti” filmi ochib berdi. Badiiy filmlar konkurs dasturiga sakkizta kartina – Iliyan Jivelekovning “Har erda hoziru nozir”, “Mari Garel Vaysning “Bazm tugadi”, Kim Insonning “Ulg`ayish”, Vlastimir Sudarning “Yomg`ir chegaralari”, Siddhartha Jatlaning “Muhabbat va Shukla”, Ventura Ponsning “Miss Dali”, Vera Glagolevaning “Begona emas”, shuningdek, Oksana Karasning “Farishtaning tomog`i og`riq” filmlari kirgan.

Rashid Malikov saytimizga bergan ekslyuziv intervyusida quyidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Boshqa bironta festivalda ham hakamlar hay`atiga raislik qilganmisiz?

Bu borada ilk tajribam. Bungacha raislik qilmaganman, faqat hakamlar hay`ati a`zosi bo`lganman.

– Xalqaro kinofestivalning hakamlar hay`atiga raislik qilishingiz haqidagi xabar sizga qanday ta`sir qildi?

– Bu men uchun kutilmagan, sharafli va yoqimli xabar bo`ldi.

– Eng yaxshi filmni tanlashda qanday yo`l tutasiz?

– Dolzarblik, tomoshabop, siyosiy vaziyat degan tushunchalar bor, “filmning badiiy qiymati” degan tushuncha ham yo`q emas. Mana ikkinchisi shaxsan men uchun tanlovda mezon bo`ladi.

Rashid Karimovich, “Sabot” filmingiz katta ekranlarga chiqarilganiga ham allaqachon to`qqiz oy bo`ldi. Filmning keyingi taqdiri qanday bo`ladi?

– Agar kino-teatr prokati haqida gapiradigan bo`lsak, ahvol havas qilgulik emas. 2017 yilning dekabr oyi oxirlarida premeradan so`ng filmni birdaniga ikki “Panorama”da namoyish etishdi va tomoshabinlar kamligini ro`kach qilishib, filmni darrov prokatdan olib tashlashdi. O`zbek tomoshabinlari filmni avgustning oxirlarida televizion premera sharofati bilan “Sevimli” va MU5 telekanallari orqali tomosha qilishdi.

Sentyabr oyida Rossiya telekanallari orqali ham “Kultura” telekanalida Kirill Razlogovning “Kult kino” ko`rsatuvida filmning premerasi bo`lib o`tdi.

Filmning festivalona taqdiri muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bugungi kungacha “Sabot” 5 ta xalqaro festivalda qatnashib, 4 ta xalqaro sovrin, jumladan, Gran-prini ham qo`lga kiritdi. Yil oxirigacha film yana 5 ta festivalga taklif etilgan, kuzda yana ikki premerasi – Kottbusi shahrida nemischa, Busanda koreyscha premrasi bo`lib o`tadi. Afsuski, Busandagi festivalda filmni taqdim etishda shaxsan o`zim qatnasholmayman – Koreya elchixonasida vizani qo`lga kiritolmadim. Elchi bilan uchrashish uchun to`rt marta urindim, ammo hammasi zoe ketdi. Busan festivali – Osiyodagi eng yirik festivallardan biridir. O`xshatish lozim bo`lsa, festival Osiyo o`yinlari (sportda) bilan taqqoslash mumkin bo`lgan obro`li hodisadir. Film muallifi shunday festivalda qatnashishi mamlakatimizning xalqaro nufuzini ko`tarishda juda foyda bergan bo`lardi.

– Kelgusi rejalaringiz haqida so`zlab bersangiz...

– Hozirda birvarakayiga ikki maydonda kinorejissura va kinodramaturgiya kurslarida mazkur sohaga qiziqqan yoshlarni o`qitdim. Natijalar meni quvontirdi. O`zbekistonning maqtasa arzigulik, kino suratga olishga qodir bo`lgan iqtidorli ijodkor yoshlari bor. Dekabr oyida Bishkekda bo`lib o`tadigan qisqa metrajli filmlar fistivaliga hakamlar hay`ati a`zosi sifatida taklif qilindim.

Eng asosiysi esa yangi ssenariy tayyorlayapman. Ilk qoralama allaqachon tayyor bo`ldi, lekin ssenariy ustida hali ko`p ishlashim kerak.

– O`quvchilarimizga tilaklaringiz...

– Chinakam, baddiy yuksak filmlarni ko`proq tomosha qiling. Ularda kundalik hayotingizdagi savollarga javob topasiz.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar