«Yosh qo`shiq ijrochilari» festivali O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, Xalq ta`limi vazirligi hamda Yozuvchilar uyushmasi va ularning hududiy tuzilmalari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

«Yosh qo`shiq ijrochilari» festivali 7 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar o`rtasida mumtoz;estrada;akademik (opera); baxshichilik. yo`nalishlarida o`tkazildi. Yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy g`urur va iftixor, bag`rikenglik, bunyodkorlik, mehr-oqibat g`oyalari ruhida tarbiyalash, mumtoz (an`anaviy), akademik (opera), estrada va baxshichilik yo`nalishlarida ijod qilayotgan yosh iste`dodlarni kashf etish, ularni qo`llab-quvvatlash, katta sahnalarda o`z san`atini namoyish etishi uchun keng yo`l ochib berish maqsadida tashkil etilgan tadbirning mahalliy saralash bosqichlariga 250 ming nafar yosh qamrab olindi. «Yosh qo`shiq ijrochilari» festivalining Gran-Pri sohibi Kamila Amirovaga Prezident sovrini ya`ni 5 mln so`m miqdordagi pul mukofoti topshirildi.

— Bundan oldin ham «Yulduzcha», «Kamalak yulduzlari» kabi bir qator tanlovlarda qatnashib g`olib bo`lganman. Ammo bu galgi yutuq – Prezident sovrini kutilmagan va hech qachon unutilmas sovg`a bo`ldi. Men bu rag`batga munosib bo`lish uchun yanada ijodiy parvozga shaylanaman. Xalqaro tanlovlarda ham oliy o`rinlarni qo`lga kiritib, yurtimiz sha`nini himoya qilaman, – deydi Kamila Amirova.






