Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan Yashnobod tuman prokuraturasi bilan hamkorlikda Departamentning Yashnobod tuman bo`limi boshlig`i R.E.ning bildirgisiga asosan o`tkazilgan tezkor tadbirda, "Aviasozlar" dehqon bozori AJ direktori N.E. bozor hududida sotiladigan go`sht mahsulotlarini haqiqiy miqdorini va bozorning kunlik patta tushum pullarini hisobini nazorat qilib bormaslik evaziga bo`limi boshlig`i R.E.ga har oyda 1500 AQSh dollari “pora” berishni taklif qilib, shundan 550 AQSh dollarini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
"Mazkur holat yuzasidan "Aviasozlar" dehqon bozori direktori N.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo`llash masalasi ko`rilmoqda", — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.






