Buyuk Britaniyaning Naniton shaharchasidagi do`konda sinov muddatini o`tayotgan 15 yoshli o`quvchi qiz zerikib va tezroq uyga javob berishlarini xohlab, yong`in uyushtirdi. Bu haqda Mirror’ga tayanib, «RIA Novosti» xabar bermoqda.
Mazkur voqea joriy yilning 8 iyul kuni sodir bo`ldi. Bu vaqtda o`quvchi qiz sinov muddati o`tayotgan Wilko do`konida xaridor ko`p bo`lgan. O`quvchiga mahsulotlarni tokchalarga joylashtirish vazifasi yuklatilgan. Biroq qiz bu ishdan tezda zerikkan va rahbariyat unchalik ham ahamiyatli bo`lmagan yong`in bilan mashg`ul bo`lib, ishdan erta javob berishi uchun bo`sh qutining bir burchagini yondirgan. Biroq qutilar tezda yonib ketib, yong`in butun xonaga, so`ng esa do`konga tarqalgan.
Alanga beshta yong`in o`chirish brigadasi tomonidan bartaraf etilgan. Hech kim jabrlanmagan.
Kuni kecha mazkur ish yuzasidan sud bo`lib o`tib, unda prokuror xaridorlar va xodimlar o`z vaqtida evakuasiya qilinmaganda, ularning ko`pchiligi qurbonga aylanishi ehtimoli bo`lganini qayd etdi. O`z aybiga iqror bo`lgan o`quvchi qiz esa hech kimga zarar etkazishni istamaganini ta`kidladi.
Ma`lum qilinishicha, yong`in natijasida do`konga etgan zarar bir million funt sterling (taxminan 1,6 million dollar)ni tashkil etgan.
O`quvchi qiz har qanday savdo muassasalariga faqat kattalar hamrohligida kirishga, ta`mirlangan Wilko do`koniga esa 100 metrdan yaqinroq kelmaslikka va`da berib, garov evaziga ozod etildi.





