— Ko`cha ko`rmagan qizni kelin qildim, — og`zini to`ldirib maqtandi Zumrad opa o`rtog`iga.
— U nima deganingiz? — Gulbahor opa nimaga shama qilayotganini fahmlasa ham sir bermadi.
— O`g`lim o`qigan qizlarga uylanmayman, dedi. Surishtirib-surishtirib oxiri onasi o`pmagan, o`n olti yoshli qizni olib berdim…
— Yaxshi qilibsiz, baxtli bo`lishsin, — dedi Gulbahor opa kelinning ota-onasi rozilik berganiga hayron bo`lib. Ammo tikso`zligi tutib, ichidagini tiliga chiqarishdan o`zini tiyolmadi: — Yoshgina qizni kelin qilishga qilibsiz, lekin uni tarbiyalab olishga sabringiz etarmikan?
— Nega men tarbiyalar ekanman?! Onasi shuncha yildan buyon tarbiyalagandir-da, — zarda qildi Zumrad opa. — Siz ham qizingizni tezroq uzating, yoshi o`tsa tanlaydigan bo`lib qolarkan. O`g`lim xuddi shunday qildi, birini o`qigan deydi, boshqasini «modnisa» deydi… Xullas, ko`ndirguncha rosa qiynaldim.
— Mayli, o`zini mustaqil eplay oladigan yigit chiqsa uzatarman, — dedi Gulbahor opa.
Dugonasi bilan xayrlashgan Zumrad opa ichida quvondi. Bir paytlar o`rtog`ining qizini so`rab borganda, «o`qishni tugatsin, keyin uzataman. Bo`lmasa, o`qishni ham, ro`zg`or ishini ham qoyil qilmay o`zini ham, qaynonasini ham qiynab qo`yadi», deb bermagandi.
To`y ham o`tdi. Zumrad opa navnihol kelinini tilidan qo`ymay maqtar, ko`cha ko`rmagan qizlar o`qigan qizlardan ko`ra yaxshiroq bo`lishini ta`kidlashdan charchamasdi. Shu tarzda oradan salkam bir yil o`tdi, Zumrad opaning hali o`n ettiga to`lmagan kelini farzandli bo`ldi. Kelinning yoshi etmagani sabab qonuniy nikohdan o`tmagani muammo bo`lib, bolaga guvohnoma olishga rosa qiynalishdi. Barcha tanish-bilishlarini ishga solib, kelin bilan chaqaloqni bir amallab tug`ruqxonadan olib chiqishdi.
Shundoq ham nozikkina bo`lgan kelin tug`ruq payti qattiq qiynalib, ancha o`zini oldirib qo`ygandi. Tug`ruqxonadan qaytganidan keyin to`yib uxlab olaman deb o`ylagan kelinchakni bir uy mehmon kutib turardi. Onasi bilan singlisi yordamga kelishgan bo`lsa-da, baribir charchadi. Mehmonlar o`tirganda bir zum yotib dam olishga fursati bo`lmagan kelinchak kun bo`yi tik oyoqda yurdi, kechga borib esa holdan ketib o`zini o`ringa tashladi. Bolasining yig`lagani ham yoqmasdi. Onasi bilan qaynonasi bolangni emizmaysanmi deyishmasa, qotib uxlab qolishi aniq edi. Aksiga olgandek bolasi injiq, yig`loqi edi, kun bo`yi uxlab, kechasi bilan yig`lab chiqardi.
Ikki-uch kun o`tib yana xabar olgani kelgan onasiga:
— Oyijon, kinolarda boshqacha ko`rsatishadi-ku… Chaqaloqlarga qarashga enagalar, buvilar yordam berishadi. Tug`ruqxonadan kelgan ayolni esa avaylab-asrashadi… Ro`zg`orning hamma ishi mening zimmamda, kun bo`yi charchaganimdan kechasi bilan yig`lab chiqadigan bolamga qaray olmayapman. Nima qilay?.. — deya yig`lagancha onasining elkasiga boshini qo`ydi.
Birinchi marta qizining hali ham bolaligini his qilgan onasining ko`ngli buzildi. Shundan keyin qudam qizimga qattiq gapirib qo`ymasin, degan xayolda kichik qizini yordam bergani jo`natadigan bo`ldi. Kelinining oldingi chaqqonligidan asar ham qolmagani, uyqusirab, madorsizlanib yurishi Zumrad opaning g`ashiga tega boshladi. Kelini bolasini emizgani kirib, o`zi ham uxlab qolar, toki, bor ovozda chaqirmaguncha uyidan chiqmas, uxlab yotaverardi.
Endi Zumrad opa «noshud, kunda-kunora kasal bo`ladigan» kelinidan nolishni boshladi. «Biz ham tuqqan ekanmiz-da, tug`ruqxonadan keliboq xamir qorib, nonlar yopib ketaverardik», deb eshittirib piching qilardi.
Bir gal yarim tunda chaqaloqining qattiq yig`isidan uyg`onib ketgan Zumrad opa o`g`lining xonasi eshigini taqillatdi. Hech kim javob bermadi. Kelini bilan o`g`lining ismini aytib chaqirdi, yana jimjitlik. Chaqaloqning yanada qattiqroq chirillab yig`lashiga chiday olmay, oxiri kelinning xonasiga to`g`ri kirib bordi… Kirsa, kelini xonaning bir tomonida beshik boshida uxlab yotar, o`g`li esa boshqa burchakda turgan kolyaska yonida qotib uxlab yotishardi. Zumrad opa kelinini turtib uyg`otdi.
— Turing-ey, bolani o`ldirib qo`yasiz-ku, bola bechorani qorni ochib ketgan, buning uxlab yotishini-chi!
Shovqindan seskanib uyg`onib ketgan o`g`li esa ko`zini ochmasdan beixtiyor kolyaskani tebrata boshladi.
— Hoy, nega kolyaskani tebratasan, bola bu yoqda-ku! — o`shqirdi Zumrad opa.
— Oyi? — endi o`ziga kelgan o`g`li onasiga hayron bo`lib qaradi. — Tuni bilan uxlamaydi buningiz. Goh beshikda, goh kolyaskada, goh qo`lda tebratamiz, — dedi nolib.
— Sen nima deb o`ylaganding, bolalar o`z-o`zidan katta bo`lardimi? Ana shunday qiyinchiliklar, uyqusiz tunlarga chidab, sabr qilib senlarni katta qilganman! Hammaning bolasi ham shu, faqat sening xotining nozikoyim. Bitta bolani eplay olmaydi!..
Ertasi kuni o`g`li ishga ketgach, Zumrad opa kelinini yoniga chaqirdi.
— Menga qarang, kelinposhsha, siz uyda o`tiribsiz maza qilib, o`g`lim har kuni ishga borishi kerak. Indamasam, kechasi bilan unga bola qaratsiz, burnidan ip o`tkazib olmoqchi bo`lsangiz, xomtama bo`lasiz! Bitta bolani eplay olmasangiz qanaqa xotinsiz?
Kelin er chizdi. Erini o`ylab vijdoni qiynaldi.
— Kechiring, oyijon bundan keyin o`zim qarayman. Faqat… bola uxlashi uchun nima qilish kerak, bilmaysizmi? — kelinining ko`zini mo`ltiratib turishidan biroz ko`ngli yumshasa-da, sir boy bermadi.
— Nima qilardingiz, uxlamasdan qaraysiz-da! Ba`zida bolalar uyqusini adashtiradi, kunduzi uxlab kechasi o`ynagisi keladi… Sizniki ham uyqusini adashtirgan.
Kelin unda men kunduzi bir soatgina uxlab olsam edi, degisi keldiyu qaynonasidan qo`rqib indamadi.
O`sha kundan boshlab qaynonasi o`g`lini boshqa xonaga ko`chirdi. «Kun bo`yi ishlaydigan odam to`yib uxlashi kerak», dedi hayron bo`lgan keliniga. Kelin erining e`tiroz bildirishini kutgandi, aksincha, endi u ham onasiga qo`shilib turtkilashni boshladi.
Kunlarning birida esa Zumrad opa kelinining qo`liga bolasini tutqazib haydab yubordi… «Qizingiz uyimga qaytib qadam bosmasin, o`g`limga sarishtaroq xotin olib beraman!» dedi vaziyatni bilgani kelgan qudasiga ham.
O`sha kunlari qizining to`yiga aytgani Gulbahor opa dugonasinikiga kelib qoldi. Bo`lgan voqealarni eshitib afsus bilan bosh chayqadi.
— Nimasini aytasiz, o`rtoqjon, kelinga yolchimadim, Yaxshi hamki qonuniy nikohi yo`q ekan, bo`lmasa, uy-joyimga ega chiqarmidi…— dedi Zumrad opa ko`ziga yosh olib.
— Men qizga achinyapman…— dedi Gulbahor opa o`ziga o`zi gapirgandek. — O`n olti yosh qizini uzatgan onaga ham, bitta kelinga yordam bera olmaganingiz uchun sizga ham, o`g`lingizga ham qoyil qolmadim! Haydab yuborish o`rniga ozroq yordam bersangiz bo`lardi-ku. Qo`lida yosh bolasi bilan u endi nima qiladi?..
Zumrad opa taklifnomani berishni ham unutib, ketib qolgan dugonasining ortidan qaragancha o`ylanib qoldi, «Rostdan ham kelinim endi nima qiladi, nahotki nabiramni qayta ko`rmasam?!» degan o`ydan seskanib tushdi.
Dilfuza SOBIROVA