1

Parijda O`zbekiston madaniyati va san`ati kunlari bo`lib o`tmoqda

Madaniyat 29.09.2018, 12:24
Parijda O`zbekiston madaniyati va san`ati kunlari bo`lib o`tmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Fransiya Respublikasiga qiladigan rasmiy tashrifi munosabati bilan Fransiyada 26 sentyabrdan 10 oktyabrgacha O`zbekiston madaniyati va san`ati kunlari tashkil etilgan. Shu bilan birga Parij moda haftaligi, dunyoning yirik avto konserni BMW ko`rgazmasi, Top Rese-2018 xalkaro sayyohlik ko`rgazmasi bo`lib o`tmokda.

Uchta yirik ko`rgazma va O`zbekiston madaniyati va san`ati kunlari davom etayotgan bir paytda O`zEOAVMAning ijodiy jamoasi Parijda tasvirga olish jarayonlari bilan band. Professionallardan iborat jamoa "O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida" loyihasi doirasidagi navbatdagi film ustida ishlayapti. Film "O`zbekiston madaniy merosi Luvr to`plamlarida" deb nomlanadi. Uni tasvirga olish uchun ijodiy jamoamiz muzeyning islom madaniyati kolleksiyasi saqlanadigan zallariga kirdi. Shuni ham ta`kidlab o`tish kerakki, bu fondlarga shu paytga qadar hech kim kira olmagan. Jurnalist Shahnoza G`anieva muallifligidagi filmda siz ana shu xazinani ko`rishingiz va ular haqida ma`lumotga ega bo`lishingiz mumkin.

Ma`lumot o`rnida shuni aytish kerakki, "O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida" loyihasi doirasida 30 ga yaqin hujjatli film tayyorlangan. Mazkur filmlar Rossiya (Sankt-Peterburg, Moskva), Germaniya (Berlin, Drezden, Leypsig), Chexiya (Praga), Buyuk Britaniya (London, Oksford, Kembridj) muzeylarida saqlanayotgan moddiy va madaniy merosimiz, ularning yaratilishi va O`zbekistondan olib ketilishi tarixi haqida hikoya qiladi.

Eslatib o`tamiz, 3 oktyabr kuni "Madaniy meros - O`zbekiston va Fransiya o`rtasidagi ko`prik" mavzusida xalqaro ilmiy media-ivent bo`lib o`tadi. Unda Fransiyaning eng yirik muzey, kutubxona va ilmiy muassasalarning rahbarlari, sharqshunos olimlar qatnashishi kutilmoqda.

Shu bilan birga may oyida Samarqandda bo`lib o`tgan xalqaro kongressda butun dunyo sharqshunos olimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan O`zbekiston madaniyatini o`rganish buyicha dunyo hamjamiyatining birinchi kengashi o`tkaziladi.

Tadbirda Fransiya milliy kutubxonasi, Luvr muzeyi, Gimn muzeyiga loyiha doirasida chop etilgan kitob albomlar va “Katta Langar Qur`oni”, “Devoni Husayniy”, “Ravzat-ussafo”, “Me`rojnoma”, “Temur tuzuklari”, “Zafarnoma” kabi qadimiy kulyozmalarning faksimile nusxalari beg`araz tuhfa qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1