AsosiyJamiyat

1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, tibbiy hamda sanatoriy- sog`lomlashtirish sohasida xizmat ko`rsatish darajasi va sifatini oshirish hisobiga ularning sog`lig`ini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. 2015 yildan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 1941-1945 yillardagi urush va mehnat faxriylari yiliga bir marta o`zlari uchun maqbul muddatlarda O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashi hamda respublika davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalarida bepul sog`lomlashtirish kursidan o`tish huquqiga ega bo`ladilar.
Belgilab qo`yilsinki, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy- sog`lomlashtirish muassasalariga yo`llanmalar qiymati O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qoplanadi.
2. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2015 yil va undan keyingi yillardagi O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida urush va mehnat fronti faxriylarini sog`lomlashtirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun mablag`lar ajratilishini nazarda tutsin.
3. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashi va “Nuroniy” jamg`armasi:
bir hafta muddatda urush va mehnat fronti faxriylarini sog`lomlashtirish O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan ta`minlanadigan Kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashiga, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalarining ro`yxatini aniqlashtirsinlar;
sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularda urush va mehnat fronti faxriylarining bekamu ko`st sog`lomlashtirilishini ta`minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko`rsinlar.
4. O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashi, o`z qaramog`ida sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalari bo`lgan vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va yirik korxonalar:
bir oy muddatda 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini o`z qaramog`idagi sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalarida sog`lomlashtirish tartibi to`g`risidagi Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasinlar, unda urush va mehnat fronti faxriylari uchun yo`llanmalar qiymatini O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag`lari hisobiga belgilangan narxlarda to`lash tartibini nazarda tutsinlar;
Nizom tasdiqlangandan keyin 10 kun mobaynida uni vazirliklar va idoralar hay`atlarida, kompaniyalar, uyushmalar va yirik korxonalarning boshqaruvi yig`ilishlarida ko`rib chiqsinlar;
ko`rib chiqish natijalari bo`yicha tegishli idoraviy me`yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilsinlar.
5. O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiq qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar bo`yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2014 yil 13 oktyabr

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar