1

Parijda “Shashmaqom” kechasi o`tqazildi

Madaniyat 06.10.2018, 11:31
Parijda “Shashmaqom” kechasi o`tqazildi

Fransiyada “O`zbekiston madaniyati va san`ati kunlari” doirasida turli madaniy-ma`rifiy tadbirlar, san`at kechalari o`tkazilmoqda, deb xabar bermoqda O`zA.

O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan artist Yulduz Turdievaning Parijdagi “De la Ville“ teatrida tashkil etilgan konsert dasturi yurtimiz milliy san`ati jozibasini namoyish etgani bilan san`at ixlosmandlariga manzur bo`ldi.

Konsert “De la Ville“ teatri prodyuseri, musiqashunos Soudabeh Kiya tomonidan tashkil etildi. U mamlakatimizda o`tkazilgan “Sharq taronalari“ xalqaro musiqa festivallarida hakamlar hay`ati a`zosi bo`lgan, maqom san`ati bo`yicha tajribali mutaxassis hisoblanadi.

Konsertga ushbu mamlakatning madaniy, akademik doiralari, jamoatchilik vakillari taklif etildi. “Dugoh“, “Sarahbori oromijon“, “Munojot“ kabi maqom san`ati durdonalari, mavrigilar hamda xalq ashulalaridan tuzilgan bir yarim soatlik konsert dasturi parijliklar e`tirofiga sazovor bo`ldi.

– Fransuzlar san`atga oshufta xalq. Shahar ahli milliy ohanglarimizni zavqqa to`la olqishlar bilan kutib oldi, – deydi Yulduz Turdieva. – Konsertga kelgan san`at muxlislari Buyuk ipak yo`lining nafasi va jozibasi sifatida “Shashmaqom”ni jon dilidan tingladi.

Musiqa xalqlarni birlashtiradi, haqiqiy san`at makon va sarhad tanlamaydi. Bunga Parijda o`zbek mumtoz kuy-qo`shiqlari yangragan ushbu maqom kechasi misolida yana bir bor amin bo`lish mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1