«Notariat tizimini nizolarni oldini oluvchi institut sifatida yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qaroriga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab ko`chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilinib, ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yish tartibi joriy etilgan edi.
Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan Ko`chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo`yish tartibi to`g`risidagi nizom bilan ko`chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yish shartlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Unga ko`ra, ijaraga beruvchi yoki uning vakili ko`chmas mulk (uy-joy, kvartira va hok.) ijara shartnomasini shartnoma tuzilgan kundan e`tiboran o`n kundan kechiktirmay davlat soliq organida hisobga qo`yishi shart.
Ko`chmas mulk ijara shartnomasini hisobga qo`yish ijara beruvchi tomonidan Davlat soliq qo`mitasining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.
Bunda ijara beruvchi tomonidan so`rovnoma to`ldirilib, unga ko`chmas mulk ijara shartnomasi hamda ijaraga beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi biriktiriladi.
Shuningdek, hisobga qo`yish ijaraga beruvchining xohishiga ko`ra ko`chmas mulk joylashgan joydagi soliq inspeksiyasiga kelgan holda ham amalga oshirilishi mumkin.
Ko`chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yishda to`lov undirilmaydi.
Ushbu tartib 2019 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.






