Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda qiyin ahvolda qolgan fuqarolarimizni O`zbekistonga qaytarish bo`yicha ishlarni boshladi.
Yurtdoshlarimizning 71 kishidan iborat birinchi guruhi Moskvadan Toshkentga 12 oktyabr kuni “O`zbekiston havo yo`llari” qatnovi bilan etib keldi. Ularni aeroportda qarindoshlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev, shuningdek, Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi vakillari kutib olishdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migrasiya tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi tashkil etildi.
Jamg`armaning asosiy vazifalaridan biri xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davomida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag`larsiz qolgan, og`ir moddiy ahvolga uchragan fuqarolarga huquqiy va ijtimoiy himoya, shuningdek, moddiy yordam ko`rsatish hisoblanadi.
2018 yilning 5-8 sentyabr kunlari Moskva shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyasining 19-kengashida Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligi hududiy organlarining Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridagi taxminan 1500 nafar O`zbekiston fuqarolarini qaytarishga ko`maklashish haqida kelishuvga erishilgan edi.
Ta`kidlangan toifadagi shaxslar bu — og`ir moddiy qiyinchilikka uchragan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga va yashash uchun mablag`ga ega bo`lmagan O`zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.
Ta`kidlangan toifadagi shaxslarni qaytarish bilan bog`liq tashkiliy ishlar O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi hisobidan amalga oshiriladi.






