Joriy yil 12 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchilar Murod Xonto`raev, Doniyor Vahobov va Ilhomjon Parpievga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi, deb xabar qildi UzNews nashri.
Mazkur jinoiy ish sudya Temur Qosimov raisligida ko`rib chiqilgan.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to`liq o`rganib, M. Xonto`raevni, D. Vahobovni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) 3 qismi “a” bandi, I. Parpievni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) 1 qismi va 277-moddasi (“Bezorilik”) 2 qismi “a”, “b”, “v” bandlarida ko`zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi.
"Jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudi M. Xonto`raevga eng kam oylik ish haqining 94 barobari miqdorida 16 190 560 so`m (172 240 so`m hisobida) jarima jazosi, D. Vahobovga 3 yil 8 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi, I. Parpievga oylik ish haqidan 20 foiz davlat foydasiga ushlab qolgan xolda 2 yil 1 oy 24 kun muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi", - deyilgan xabarda.
Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ular istiqomat qiluvchi mahalla fuqarolar yig`inlari tomonidan taqdim etilgan o`z kafilligiga olish haqidagi xatlari inobatga olindi.
Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Eslatib o`tamiz, 24 iyun kuni Toshkent shahrida taniqli kurashchi Murod Xonto`raevning qo`lga olinganligi haqida xabarlar tarqalgandi. Xususan, Murod Xonto`raev va bir qator shaxslar 20 dan 21 iyunga o`tar kechasi Yunusobod tumanidagi tungi klublardan birida jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzganlik, tartibsizlik qilgani uchun ushlangan.






