14 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta yig`im-terimiga bag`ishlangan selektor yig`ilishi bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda «Kun.uz».
Yig`ilishda bosh prokuror Otabek Murodov, prezident adminstrasiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov hamda O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri o`rinbosari Zoir Mirzaev nutq so`zlagan.
Yig`ilish keskin tanqidiy ruhda o`tgan. Ma`lum qilinishicha, aksar tumanlarda ikkinchi terim boshlanib ketganiga qaramasdan paxta rejasi 60 foizdan oshmagan, ayrim hududlarda reja 25-40 foiz atrofida qolmoqda.
Ma`lum qilinishicha, prezidentning maxsus qarori asosida joylarda sektor rahbarlari (tuman hokimi, prokuror, IIB boshliqlari, DSI boshliqlari) bo`lgan 100dan ortiq kishiga nisbatan intizomiy chora (ishdan bo`shatish, ikki oylik maoshdan mahrum etish, hayfsan) qo`llanilgan.
Jumladan, paxta terimi vaqtidagi sustkashliklari uchun 10dan ortiq tumanda prokurorlar, 10dan ortiq tumanda IIB boshliqlari ishdan ketgan, soliqchilar orasida esa ishdan olinganlar soni ko`proq.






