Yoshlar har bir mamlakatning ertangi kuni, jamiyatda o`zgarishlarga sabab bo`ladigan, bunyodkorlik g`oyalarini hayotga tatbiq etuvchi muhim kuch, salohiyatli resurs hisoblanadi. Albatta, yoshlarni ijtimoiy, ma`naviy va moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash, huquq hamda majburiyatlarini to`laqonli ro`yobga chiqarishga ko`maklashish, jamiyatda munosib o`rin egallashlariga qulay sharoit yaratish orqali ularni yurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta kuchga aylantirish O`zbekiston yoshlar ittifoqi zimmasidagi eng muhim vazifalardan sanaladi.
Joriy yilning 15 oktyabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Iqtidorli yoshlar» Respublika forumi ham ushbu maqsadlarga qaratilgan.
“Tashabbuskor yoshlar safi kengaysin”
— Yurtimizdagi barcha yoshlarning tashabbus va iqtidorlarini namoyon etishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish, innovasion loyihalarini ishlab chiqarishga keng jalb etish, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan o`zaro muloqot maydonini yaratish, bir so`z bilan aytganda, jamiyatda o`zlarining munosib o`rinlarini topishlari uchun yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarning ustuvor yo`nalishlaridandir, — deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboev. — Mazkur forum iqtidorli yoshlarni Respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarda faollikka chorlash, xalq manfaatlari uchun butun kuchini, bilimi va imkoniyatlarini safarbar qila oladigan tashabbuskor, shijoatli yoshlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.
Forum davomida iqtidorli yoshlarga sho`balarga bo`lingan holda aniq fanlar, texnika va texnologiyalar, qishloq xo`jaligi sohasidagi innovasion g`oyalar va ishlanmalar, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari hamda farmasevtika sohasidagi innovasion loyihalar yo`nalishlarida muloqot maydoni yaratildi. Unda yoshlar o`z loyihalari, ixtirolarini namoyish etishdi.
“Oilada bolalarni xalq og`zaki ijodi orqali tarbiyalash»
Jizzax Davlat pedagogika universiteti talabasi Abdulla Sharofiddinov ham forumga o`z loyihalarini taqdim qildi. U «Xalq og`zaki ijodi orqali bolalarni ma`naviy tarbiyalash va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish» mavzusidagi loyihasi orqali O`zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasini qo`lga kiritgan.
— Loyiha doirasida hududlarda targ`ibot-tashviqot ishlari samarali tashkil etilib, o`quv-uslubiy qo`llanmalar, risolalar chop ettirildi. Ular maktabgacha ta`lim muassasalari va umumiy o`rta ta`lim muassasalariga tarqatildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali ham loyihaning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tanishtirilmoqda, — deydi Abdulla Sharofiddinov. — «Oilada bolalarni xalq og`zaki ijodi orqali tarbiyalash» va «Bolalardagi nutq ko`nikmalarini shakllantirish» nomli o`quv-uslubiy qo`llanmalari orqali bolalarning dunyoqarash, tafakkur va idrok jarayonlari shakllanadi.
“Avtomobil yo`llari va aerodromlarda geosintetik materiallarni qo`llash” loyihasi kupchilikda qiziqish uyg`otdi
Toshkent Avtomobillar yo`llarini loyihalash, ko`rish va eksplutasiya instituti talabasi Murod Muhammadjonovning loyihasi ko`pchilikda qiziqish uyg`otdi.“Avtomobil yo`llari va aerodromlarda geosintetik materiallarni qo`llash” mavzusidagi loyihaning asosiy maqsadi avtomobil yo`llari yo`l poyi va qoplamani geosintetik materiallar bilan kuchaytirishning mavjud usullarini takomillashtirishdan iborat.
— Loyihada avtomobil yo`llari ko`tarmasi va qiyaligini giosintetik materiallar yordamida ustuvorlikka hisoblash usuli va chizmasini ishlab chiqamiz. Giosintetik materiallar va grunt orasidagi o`zaro ta`sirchanliklarini aniqlash bo`yicha uskuna qurilmalarini tayyorlaymiz, — deydi Murod Muhammadjonov. — Laboratoriya sharoitida grunt va giosintetik material orasidagi mustahkamlik ko`rsatkichlarini aniqlash bo`yicha mavjud usullarini takomillashtirib, dala sharoitida giosintetik materiallar bilan kuchaytirilgan tajriba yo`l poyini barpo etamiz. Unda kuzatuv ishlarini olib borish orqali natijalarni tahlil qilamiz.
Tadbir yakunida yuqorida keltirilgan 4 ta yo`nalish bo`yicha ishtirokchilarning loyihalarini munosib rag`batlantirish maqsadida O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda hamkor tashkilotlarning diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.
Shaxnoza Nurullaeva






