Mazkur yirik xalqaro forum davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida o`tkazilmoqda, deb xabar bermoqda O`zA.
Ma`lumki, yurtimizda oliy ta`lim tizimiga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim bo`g`ini sifatida e`tibor qaratilib, sohada jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo`nalishlariga mos ravishda keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina 2018/2019 o`quv yilida oliy ta`lim muassasalarida zamonaviy yo`nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash hajmi va sifatini oshirish bo`yicha keng ko`lamdagi tadbirlar amalga oshirildi. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, 13 ta yangi oliy ta`lim muassasasi tashkil etildi, ularning uchtasi nufuzli xorijiy oliy ta`lim muassasalarining filiallaridir.
Iqtisodiyotning real sektorida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda joriy o`quv yilidan boshlab 66 ta zamonaviy ta`lim yo`nalishi va 48 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yildi.
Jamiyatda oliy ta`lim olishga bo`lgan talabdan kelib chiqqan holda ta`lim shakllari va qabul kvotalari muntazam oshirilmoqda. Bugungi kunda fuqarolar kunduzgi, kechki, sirtqi, maxsus sirtqi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta`lim kabi ta`lim shakllarida oliy ta`lim olish imkoniyatiga egalar. Qabul kvotalari jamiyatdagi mavjud ehtiyoj va rivojlanish sur`atiga qarab oshirib borilmoqda, oxirgi uch yilda bu ko`rsatkich ikki barobar ko`paydi.
Yangi o`quv yilidan 15 ta oliy ta`lim muassasasida etakchi xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda qo`shma diplom dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yilib, ularda faoliyat ko`rsatadigan 500 dan ortiq professor-o`qituvchilar xorijiy ta`lim markazlarida stajirovka o`tab kelishdi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan 8 ta filial, 22 ta qo`shma fakultet, 46 ta ikki tomonlama qo`shma dasturlarni joriy qilish bo`yicha muzokaralar olib borildi. Mingdan ortiq xorijiy mutaxassisni respublika oliy ta`lim muassasalarida pedagogik va ilmiy faoliyatga jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
O`zbekiston malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug`ullanish hamda o`zaro tajriba almashish borasida, ayniqsa, Rossiya Federasiyasi bilan strategik ahamiyatga ega hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.
Bugungi kunda O`zbekistonda Rossiyaning M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, G.Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universiteti kabi dunyo miqyosidagi nufuzli oliy ta`lim muassasalarining Toshkent shahridagi hamda Rossiya “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiallari faoliyat ko`rsatmoqda. Ularda 2140 nafar malakali kadr tayyorlanmoqda.
Birgina joriy o`quv yilidan boshlab respublikamizdagi to`rtta oliy ta`lim muassasasida Rossiyaning nufuzli oliy o`quv yurtlari bilan hamkorlikda ikki tomonlama diplom berish bo`yicha qo`shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyuldagi qarori bilan Toshkent shahrida “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasining filiali tashkil etildi va keyingi o`quv yilidan filialda o`quv jarayonlari boshlanadi.
2018 yil 1 avgustda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Moskva shahridagi yadro tadqiqotlari, muhandislik-fizika sohasiga oid institutlar bilan magistratura bo`yicha hamkorlik qilish yuzasidan shartnoma imzoladi. Shartnomaga ko`ra mazkur oliy ta`lim muassasasida o`zbekistonlik talabalar uchun 2018/2019 o`quv yilida “Yadroviy energetika va issiqlik fizikasi” hamda “Yadro fizikasi va texnologiyalari” mutaxassisliklari bo`yicha qadrlar tayyorlash yo`lga qo`yilgan.
Shu yilning oktyabr oyida O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi S.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan institutning Toshkent shahrida filialini ochish va kino sohasida etuk mutaxassislarni tayyorlash, malaka oshirish va tajriba almashish borasida hamkorlik qilish bo`yicha kelishuvga erishdi.
Ikki davlat o`rtasida oliy ta`lim tizimidagi o`zaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko`tarish maqsadida Rossiya Federasiyasi va O`zbekiston Respublikasining qator etakchi oliy ta`lim muassasalari tashabbusi bilan ilk marotaba O`zbekiston – Rossiya ta`lim forumi o`tkazilmoqda.
Xalqaro forum ishida ikki davlat Prezidentlari administrasiyalari, Hukumat rahbarlari, O`zbekiston oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri va Rossiya Federasiyasining ta`lim va fan vaziri hamda Rossiyaning 80 dan ortiq nufuzli oliy ta`lim muassasalari rektorlari ishtirok etayapti.
Xalqaro forumning maqsadi O`zbekiston va Rossiya o`rtasida zamonaviy yo`nalish va mutaxassisliklar bo`yicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot sohasida o`zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
O`zbekiston – Rossiya ta`lim forumida O`zbekiston va Rossiya oliy ta`lim muassasalari rektorlari o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni to`g`ridan-to`g`ri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama etadi.
Mazkur nufuzli anjuman Rossiyaning etakchi oliy ta`lim muassasalari bilan qo`shma dasturlar asosida talabalarni o`qitish, fakultet va kafedralar filiallarini tashkil qilish, o`qituvchilar malakasini oshirish, maqsadli ilmiy izlanishlar olib borish, o`quv va ilmiy adabiyotlar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish uchun zamin yaratiladi.
Xalqaro forum doirasida Rossiyaning nufuzli oliy ta`lim muassasalari va respublikamizdagi oliy ta`lim muassasalari o`rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.
O`zbekiston – Rossiya ta`lim forumining muvaffaqiyatli o`tkazilishi natijasida Rossiya Federasiyasidagi nufuzli oliy ta`lim muassasalarining yurtimizda filiallarini tashkil etish, ikki davlat oliy ta`lim muassasalari o`rtasida akademik tayyorgarlik, qo`shma ta`lim dasturlarini amalga oshirish, talabalarning ilmiy va innovasion forumlarini o`tkazish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar va boshqa tadbirlarni olib borish borasida kelishuvlarga erishiladi. Kelishuvga erishilgan yangi filial va qo`shma dasturlarda iqtisodiyotimizning real sektorlarida ehtiyoj mavjud bo`lgan kadrlar xalqaro standartlar asosida tayyorlanadi. Ikki davlat oliy ta`lim muassasalari uchun muloqot kanali tashkil etilib, kelgusida o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish va kelishuvga erishish uchun imkoniyat yaratiladi.