Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidaO`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “ Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga ko`ra:
- yuridik shaxslar – meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlari eksportini dastlabki to`lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug`urta polisisiz amalga oshirish huquqiga ega;
- meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni o`z vaqtida ta`minlamagan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan to`lov olish talablari ularga qo`llangan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reestriga kiritiladi;
- tadbirkorlik sub`ektlari ulgurji savdo qilish lisenziyasiga ega bo`lmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga ega. Bunda eksport tushumlariga yagona soliq to`lovi to`lanishini nazarda tutuvchi soliqqa tortish tartibi qo`llaniladi;
- eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko`rigidan o`tkazilmaydi;
- tadbirkorlik sub`ektlari o`zlariga ajratilgan er uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni etishtirish joylarida sug`orish, tayyorlash va saqlash bo`yicha infratuzilma ob`ektlari qurish uchun engil konstruksiyalarni qurish yuzasidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishlari mumkin.
Qarorga muvofiq O`zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiqlikka sertifikatlashtirish bo`yicha xalqaro tan olingan tashkilotlar bilan hamkorlik o`rnatiladi.
2019 yil 1 martga qadar:
- internet tarmog`ida “TradeUzbekistan.com” elektron savdo maydonchasi hamda eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portali yaratiladi;
- mamlakatda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiq meva-sabzavot etishtiruvchi mahalliy korxonalarni sertifikatlash bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash tashkil etiladi.
Qaror bilan hududlarda mahalliy hokimiyat va davlat organlari meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga to`sqinlik qilinganligi uchun shaxsan mas`ul etib belgilandi.






