1

«Ko`krak bezi saratoniga qarshi birga kurashamiz»

Jamiyat 18.10.2018, 17:52
«Ko`krak bezi saratoniga qarshi birga kurashamiz»

Yoshlar press klubida tibbiy maslahat kuni tashkil etildi

Ko`krak bezi saratoni — o`sma kasalliklari orasida eng ko`p tarqalgan kasallik. Tibbiy statistik ko`rsatkichlarga ko`ra bu kasallik bilan dunyo bo`ylab 10 % ayollar, ayniqsa Evropa mamlakatlarida istiqomat qiluvchi ayollar kasallangan. Aksariyat hollarda saraton 45 yoshdan oshganlarda kuzatiladi. Rivojlangan davlatlarda ushbu kasallik biroz kamaygan. Bunga sabab kasallikni aniqlashda zamonaviy tekshiruvlar o`ylab topilgani va davo choralarining samaradorligidir. Shunday bo`lsa ham o`sma turli xildagi hujayralar va ularning o`sish darajalari farq qilgani uchun kasallikni davolash qiyinchiliklar tug`diradi. Kasallik rivojlanishi sekin, uzoq vaqt davomida belgilarsiz kechadi. Ba`zi hollarda kasallik shiddat bilan rivojlanishi ham mumkin. Ko`krak bezi saratonining samarali davosi uning erta aniqlanishidagina amalga oshadi.

Kasallikning belgilari qanday?

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Turkiyadagi «LIV Hospital» klinikasi bilan hamkorlikda joriy yilning 18-oktyabr kuni «Yoshlar press klubi» da «Ko`krak bezi saratoniga qarshi birga kurashamiz» shiori ostida tibbiy maslahat kuni tashkil etildi. Unda «LIV Hospital» klinikasi onkomammolog jarrohi, professor – Ertigrul Gazio`g`lu ko`krak bezi saratoni, uning oldini olish va davolash bo`yicha taqdimot qildi. Tajribali tibbiyot vakili ko`krak bezi saratonining belgilari sifatida a`zodan turli xil ajralmalar ajralishi, terining o`zgarishi, doimiy og`riq, yo`tal va nafas olishning qiyinlashuvi, shuningdek, holsizlik, vazndagi o`zgarishlar va qo`ltiqda o`simta paydo bo`lishi hamda ko`krak qismi o`lchamidagi o`zgarishlarda kuzatilishini ta`kidladi.

—Ko`krak bezi saratoni kasalligi bilan kasallanish ko`proq 50 yoshdan oshgan, genetik kasallikka ega bo`lgan (BRCA1 va BRCA2 genlardagi deffekt), ko`p spirtli ichimlik iste`mol qilgan, farzand ko`rmagan, yoshi 30 dan oshganda ilk bor ona bo`lgan, farzandini ko`krak suti bilan emizmagan, estrogenlik gormonal dori-vositalarini 1 yildan ko`p qabul qilgan, radiasiya ta`siriga uchragan ayollarda uchraydi, – deydi onkomammolog Zeynep Sevim.

Tibbiy maslahatlardagi ma`lumotlarga ko`ra, kasallikning og`ir bosqichlarida suyaklar va ko`krak qismida og`riq, terida yaralar paydo bo`ladi. Saraton kasalligi mavjud bo`lgan ko`krak tomondagi qo`lda shishlar kuzatilib, vazn tez yo`qotiladi.

Bepul tibbiy ko`rik tashkil etildi

Ushbu kasallikni davolashda o`z vaqtida amalga oshirilgan diagnostika muhim rol o`ynaydi. Shuning uchun har bir ayol muntazam ravishda mammolog (ko`krak bezi kasalliklari mutaxassisi) ko`rigida bo`lishi shart.

Tadbir natijasida ishtirokchilar ko`krak bezi saratoni kasalligi, uni vaqtida diagnostika qilishning ahamiyati bilan yaqindan tanishib chiqishdi.

O`zbek oilasi uchun xususan, ayollarimiz uchun o`tkazilgan mazkur tadbir ayollarni asrash, ularni qadrlash maqsadida tashkil etildi. Davra suhbatidan so`ng qizlar va ayollar uchun «Ezgu niyat» xalqaro klinikasida bepul tibbiy ko`rik tashkil etildi.

Shahnoza Nurullaeva

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1