AsosiyJamiyat

O`zbekiston yoshlar ittifoqi eng faol va tashabbuskor yoshlarni mukofotlaydi

'O`zbekiston yoshlar ittifoqi eng faol va tashabbuskor yoshlarni  mukofotlaydi 'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti yil davomida davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarida fidokorona mehnat qilayotgan, soha rivojiga o`zining munosib hissasini qo`shib kelayotgan, vatanparvar yoshlarni rag`batlantirib borish maqsadida ta`sis etilgan.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo`jaligi, fan-ta`lim va ijtimoiy yo`nalishlar hamda san`at, madaniyat, jurnalistika va sport sohalarida yuksak natijalarga erishgan faol va tashabbuskor yoshlarga 33 ta nominasiya bo`yicha beriladi.

Mukofotni berishda yoshlar faoliyat ko`rsatayotgan sohadan kelib chiqib, yil davomidagi ish samaradorligi, tizim yoki sohani rivojlantirishga qo`shgan shaxsiy hissasi, o`z sohasiga kiritgan innovasiyasi, faoliyati orqali davlat va jamiyat hayotiga keltirgan amaliy foydasi, shuningdek mehnatsevarligi, fidoyiligi, intizomi, iqtidori, jamoat ishlaridagi faolligi, davlat va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari soha vakillari, keng jamoatchilik tomonidan e`tirof etilganligiga e`tibor qaratiladi.

Mukofot O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar hamda mamlakatimiz rivoji yo`lida jonbozlik ko`rsatayotgan chet el fuqarolariga beriladi.

Mukofot ilgari boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan yoshlarga ham berilishi mumkin.

Mukofotga nomzodlar vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, jamoat birlashmalari tomonidan ko`rsatiladi, tavsiyanomalar hamda nomzod faoliyatiga oid hujjatlar taqdim etiladi.

Mukofotga talabgorlar bo`yicha tavsiyanomalar qabul qilish boshlanishi to`g`risidagi bildirish mukofotlar beriladigan muddatdan ikki oy oldin respublika ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinadi hamda hujjatlar O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan bir oy davomida qabul qilinadi.

Mukofotga tavsiya etilgan nomzodlar o`n besh kun muddatda O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan vazirlik, idora, tashkilot va jamoatchilik vakillari hamda mutaxassislardan iborat Ekspertlar komissiyasi tomonidan sohalarga oid sho`balarga bo`lingan holda ko`rib chiqiladi, muhokama qilinadi, ekspertizadan o`tkaziladi hamda xulosalar asosida tegishli takliflar tayyorlanadi.

Ekspertlar komissiyasi muhokamasi natijalari va ekspertiza xulosalari O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi yig`ilishida ko`rib chiqilib, yakuniy qaror qabul qilinadi.

Mukofot sovrindorlariga eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida pul mukofoti, statuetka va maxsus diplom topshiriladi.

Mukofot sovrindorlari har yili dekabr oyida tantanali ravishda taqdirlanadi.

    Boshqa yangiliklar