AsosiyJamiyat

Matematika bo`yicha xalqaro olimpiada chempioniga uy joy qurib beriladi

'Matematika bo`yicha xalqaro olimpiada chempioniga uy joy qurib beriladi'ning rasmi

O`zA axborot agentligi tomonidan e`lon qilingan “Changi chiqqan ko`chalarda qolayotgan dong`i chiqqan matematik chempion” sarlavhasi ostidagi maqola Buxoro viloyati hokimligi hamda qator mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining e`tiborini o`ziga jalb etmay qo`ymadi.

Maqolada Qorako`l tumanidagi 52-maktabning 9-sinf o`quvchisi Doniyor Ismoilov, oilaviy qiyinchilik tufayli vaqtini to`liq ilm olishga sarflay olmayotgani, bo`sh vaqtlarida va yozgi ta`tilda u non sexlarida ishlab oilasiga yordam qilib kelayotgani haqida yozilgan.

Ushbu xabarga Buxoro viloyat hokimi O`ktam Barnoev facebook‘dagi sahifasi orqali munosabat bildirdi.

«Buxoro viloyati Qorako`l tumanidagi Qoraun qishlog`ida yashovchi, matematika fani bo`yicha xalqaro olimpiadalar g`olibi Doniyor Ismoilov haqida ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilinayotgan maqolalar shov-shuvga aylangani bor gap.

Ayniqsa, O`zA tomonidan e`lon qilingan xabar Buxoro viloyati hokimligi hamda qator mutasaddi tashkilotlari rahbarlarining e`tiborini o`ziga jalb etmay qo`ymadi», deyiladi viloyat hokimining postida.

Shuningdek, shu kunning o`zidayoq Buxoro viloyati hokimi O`ktam Barnoev Doniyor Ismoilov hamda uning onasi Lobar Rahimova bilan uchrashgan.

Joriy yilning 31 dekabriga qadar oilaga viloyat hokimligi tomonidan uy-joy qurib berilishi, viloyat Xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan noutbuk, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan shaxsiy kutubxona yaratib berilishi belgilangan.

Ma`lumot uchun: Doniyor Ismoilov matematika bo`yicha xalqaro olimpiadalarning ko`p karra qatnashchisi. Xususan, Bolgariya, Hindistonda o`tgan matematika bo`yicha eng nufuzli xalqaro tanlovlarning g`olibiga aylangan. 3 karra oltin, 2 bora kumush medal sohibi bo`lgan.

    Boshqa yangiliklar