AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida qonunlarga bepisand "uddaburon tadbirkorlar" aniqlandi

'Toshkent viloyatida qonunlarga bepisand "uddaburon tadbirkorlar" aniqlandi'ning rasmi

Samarali va raqobatdosh soliq tizimini yaratish, byudjetga turli darajadagi qo`shimcha soliq tushumlari kelishi barqarorligini ta`minlash bugungi kunda yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 2 avgustidagi “O`zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan soliq va bojxona islohotlarini huquqiy qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni asosida Toshkent viloyatida ham viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat soliq boshqarmasining “Soliq islohotlarini amalga oshirish va byudjetga qo`shimcha daromadlar zaxiralarini aniqlashga oid tashkiliy chora-tadbirlari to`g`risida”gi qo`shma qarori imzolangan.

Qaror ijrosini ta`minlashda Toshkent viloyati prokuraturasi hamda davlat soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari tomonidan keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda. Maqsad – byudjetga qo`shimcha daromad zaxiralari manbalarini aniqlash.

Mamlakatimizda tadbirkorlarga shuncha sharoitu imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramasdan hanuzgacha noqonuniy savdo, xizmat ko`rsatish va ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan fuqarolar uchramoqda, deyiladi Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotda.

Toshkent tumanidagi Uchqahramon savdo majmuasi hududida o`tkazilgan profilaktik nazorat tadbirida fuqaro Mamayusuf Ashurov 11A/B-sonli do`konda bemalol savdo qilayotganiga duch keldik. Shu o`rinda savol tug`iladi. Na savdo faoliyatiga ruxsat beruvchi patenti, na mahsulotlarining hujjati bo`lgan bu shaxsga savdo majmuasi rahbariyati tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli qaroriga zid ravishda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun sharoit yaratib berganini qanday tushunish mumkin.

Davlat qonunlariga bepisandlik bilan qarash tufayli tumanning “Choshtepa” ko`chasida ham qonun buzilish holatlariga yo`l qo`yilgan. Shundoqqina serqatnov yo`l bo`yida avtomobil ehtiyot qismlari savdosini yo`lga qo`ygan fuqaro Odil Muxsimov davlat soliq xodimlari tomonidan rasmiy ogohlantirish xati olganiga qaramay, yana qonunni buzib tursa-ya. Yoxud qonundan ustunman deguvchi o`ziga ishongan orqa tog`lari bormikan uning.

Soliqlar taraqqiyotimiz tayanchi, bunga shubha yo`q. Ammo soliq to`lamay, taraqqiyotimiz rivojiga bilib-bilmay bolta urayotgan qo`shtirnoq ichidagi tadbirkorlar, afsuski, uchrab turibdi. Nazorat tadbirlarida zamonaviy dastgohlar yordamida bejirim poyafzallar ishlab chiqarayotgan Zangiota tumani, Eshonguzar qo`rg`onidagi fuqaro Vaxob Fayzievga faoliyatini qonuniy yuritganida edi, unga hozir tahsinlar aytayotgan bo`larmidik...

Soliq xizmati xodimlari o`z faoliyatini rasmiylashtirmagan 4 yigitga mehnat stajining pensiyaga chiqishdagi afzalliklari, “konvert” usulida oylik maosh olish jinoyat ekanligi hamda qonuniy tadbirkorlik uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani batafsil tushuntirildi.

Profilaktik nazorat tadbirlari davomida Eshonguzar mahalla yig`ini hududida fuqaro Shohsanam Odilova tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy savdosi yo`lga qo`yilgani ham ma`lum bo`ldi.

Xulosa qilib aytganda, soliq xizmati organlari tomonidan olib borilayotgan profilaktik nazorat tadbirlari soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida ko`zda tutilgan ustuvor vazifalarni sifatli bajarishda muhim qadam bo`lmoqda.

    Boshqa yangiliklar