Mamlakatimiz bo`ylab paxta yig`im-terimi ayni avji pallasida. Zahmatkash terimchilarimiz azmu shijoat ila dalalarda paxta ter to`kib paxta terishmoqda.
Paxtakorlarga dalda bo`lish, ularning madaniy hordiq chiqarishlariga ko`maklashish maqsadida O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari xodimlari Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatiga ijodiy safarlar uyushtirishmoqda.
Xususan, “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi xodimlari taniqli shoir va yozuvchilar bilan birgalikda Jizzax viloyatining paxta dalalariga borishdi.

Yosh qalamkash Bekmurod Bardosh o`zining samimiy va dilbar she`rlari bilan mehnatkashlarning dilini xushnud ayladi.

Tadbir mobaynida “O`zbekiston” NMIUda nashr etilgan umumiy hisobda 100 nomdagi 400 ga yaqin kitoblar terimchilarga tuhfa etildi.

– Yaxshi dam – mehnatga hamdam, deganlaridek, kitoblar bilan birga qalblarimizga olam-olam quvonchlar indi. Biz terimchilarni ruhlantirish uchun tashrif buyurgan nashriyot xodimlariga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bunday madaniy hordiqdan keyin, albatta, g`ayratimizga g`ayrat qo`shiladi, – deydi ilg`or terimchilardan bo`lmish O`rolova Muhabbat.
Matbuot va axborot agentligi tomonidan terimchi-paxtakorlarimizning rag`batlantirish uchun o`tkazilayotgan ushbu madaniy tadbirlar Respublikamiz aholisining kitobxonlik madaniyatini oshirishiga, tafakkurini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.
O`zMAA “O`zbekiston” NMIU
Matbuot xizmati






