AsosiyJamiyat

Samarqandda xot-dogdan zaharlanganlarning holati yuzasidan rasmiy axborot berildi

'Samarqandda xot-dogdan zaharlanganlarning holati yuzasidan rasmiy axborot berildi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyati Samarqand shahrida joriy yil 22 oktyabr kuni qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holati bo`yicha quyidagilarni ma`lum qiladi.

"Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 22 oktyabr soat 13.00 dan 23 oktyabr soat 17.45ga qadar 17 nafar fuqaro ko`ngil aynishi, bosh og`rig`i, qorin sohasida og`riq, 4-5 marta ich ketishi, tana haroratining ko`tarilganligi, holsizlik kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar ko`rigidan so`ng ularga “Ovqat toksikoinfeksiyasi, o`rta og`ir darajasi” birlamchi tashxisi qo`yilib, kasalxonaga yotqizilgan. Bemorlarning 11 nafari erkak, 3 nafari ayol, 3 nafari 14 yoshgacha bo`lgan bolalardir. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli o`rtacha og`irlikda, 13 nafari esa engil. Shifoxonada bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko`rsatilmoqda, dori-darmon zahiralari etarli. Bemorlardan laboratoriya tahlili uchun biologik namunalar olingan", - deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabarida.

O`tkazilgan birlamchi epidemiologik surushtiruv natijasida aniqlanishicha, bemorlar joriy yil 21-22 oktyabr kunlari Samarqand shahar Sattepo mavzesidagi “Tabiat saxovati” dehqon bozori yonidagi kioska ko`rinishidagi budkada fuqaro G`ulom Murodov tomonidan sotilayotgan xot-dogdan iste`mol qilishgan. Xot-dog tarkibida non, sabzi salat(markovcha), bodring, pomidor, suvda pishirilgan tuxum, pishirilgan kolbasa, sosiska, ketchup va uy sharoitida tuxum va o`simlik moyidan tayyorlangan mayonez bo`lgan.

Fuqaro G`. Murodov o`z faoliyatini o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirmasdan, tibbiy ko`rikdan o`tmasdan, noqonuniy ravishda faoliyat olib borgan. Xot-dog tayyorlangan budka sanitariya-gigiena talablariga mutlaqo javob bermaydi, ichimlik suvi bilan ta`minlanmagan, mahsulotlarni saqlash va sotish uchun talab etiladigan sanitariya sharoitlari yo`q. Hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan fuqaro G`. Murodovga nisbatan ma`muriy ish qo`zg`atilib, jarima solindi va uning faoliyati to`xtatildi. Mahsulotlardan laboratoriya tahlili uchun namunalar olindi, qolgan mahsulotlar esa savdodan olinib, belgilangan tartibda yo`q qilindi.

Kasallik qayd etilgan hududda respublika, viloyat va Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tomonidan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o`tkazilmoqda.

Samarqand shahrida qayd etilgan mazkur vaziyat Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.

    Boshqa yangiliklar