O`zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, respublikada mobil qurilmalarni xalqaro o`ziga xos identifikasiya kodlari asosida ro`yxatga olish bo`yicha tizim joriy qilinadi.
Mazkur tizim:
- mobil qurilmalardagi o`ziga xos identifikasiya kodlari to`g`riligini tekshirish orqali ularning mulkdorlari (egalari) huquqlarining himoya qilinishini ta`minlash;
- mobil qurilmalardan ularning egalarini ogohlantirmasdan noqonuniy va ruxsatsiz foydalanishga yo`l qo`ymaslik imkonini beradi.
Mobil qurilmalarning identifikasiya kodlarini ro`yxatga olish va qo`llash, ushbu yo`nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirishda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi vakolatli organ, “UZINFOCOM” davlat axborot xizmatlarini yaratish va qo`llab-quvvatlash bo`yicha yagona integrator” MChJ esa tizim operatori etib belgilandi.
Qaror bilan 2019 yil 1 aprelgacha:
- mobil qurilmaning identifikasiya kodini Internet tarmog`i orqali onlayn rejimida ro`yxatga olish va uning maqomini tekshirish xizmati joriy etiladi;
- mobil qurilmani ro`yxatga olish hamda maslahat xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha hududiy punktlar faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Bundan tashqari, tizim operatoriga mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) etkazib beruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari bilan shartnomalar tuzishga va keyinchalik ularni Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi DUKda ekspertizadan o`tkazishga ruxsat berildi.
Shuningdek, tizim operatoriga uni tashkil etish va joriy etish doirasida olib kiriladigan uskuna, butlovchi buyum va ehtiyot qismlar, dasturiy ta`minot mahsulotlari, vosita va moslamalar, kompyuter hamda server texnikasi uchun bojxona to`lovlarini bojxona deklarasiyasi qabul qilingan kundan boshlab 36 oygacha bo`lib-bo`lib to`lash huquqi berildi.






