Hukumat qarori bilan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qildi.
Nizom bilan fuqarolarini Qoraqalpog`iston Respublikasida va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi belgilandi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati bo`yicha alohida qaror mavjud).
Nizomga muvofiq, fuqaro viloyatlarda doimiy propiskaga ega bo`lish uchun tuman (shahar) Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
• ariza;
• pasport;
• kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Qurolli Kuchlari ofiserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
• uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
• uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish to`g`risidagi arizasi;
• nikoh tuzilganligi yoki bolalar tug`ilganligi to`g`risidagi guvohnomalar, shuningdek, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlaydigan hujjatlar (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
• propiska uchun davlat boji to`langanligi to`g`risidagi kvitansiya.
Bunda turar joy mulkdori o`z oila a`zolarini va boshqa shaxslarni propiskadan o`tkazish huquqiga ega.
Harbiy xizmatga majbur shaxslarni propika qilish ular mudofaa ishlari bo`yicha bo`limlarda harbiy hisobga qo`yilganlaridan keyin amalga oshiriladi. 16 yoshdan 45 yoshgacha bo`lgan fuqarolar harbiy hisobga qo`yilishlari kerak.
Hujjatlar uch ish kuni mobaynida tekshiriladi hamda fuqaroga belgilangan tartibda doimiy propiska rasmiylashtiradi.
Fuqaroni viloyatda turgan joyi bo`yicha hisobga olish esa uni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan besh kundan bir yil muddatga amalga oshiriladi.
Viloyatlarga besh kundan ortiq bo`lmagan muddatga kelgan fuqarolar hisobga olinmaydi.
Shuningdek, fuqaro viloyatda hisobga turish uchun kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda o`zi vaqtincha turgan joydagi Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
• ariza;
• pasport;
• kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Qurolli Kuchlar ofiserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
• tug`ilganlik to`g`risida guvohnoma va 3,5x4,5 mm o`lchamdagi ikkita rasm – 16 yoshga to`lmagan shaxslar uchun;
• uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish to`g`risidagi arizasi (roziligi);
• uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
• hisobga olinganlik uchun davlat boji to`langanligi to`g`risidagi kvitansiya.
Hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan keyin o`sha kunning o`zida ariza beruvchiga turgan joyida hisobga olish to`g`risida fuqaroning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatga qayd varag`ini yoki BARE-CODE bilan himoyalangan qayd varag`ini (2019 yil 1 apreldan boshlab) beradi.