AsosiyJamiyat

Harbiylarni Toshkent shahriga doimiy propiskaga qo`yish tartibi o`zgardi

'Harbiylarni Toshkent shahriga doimiy propiskaga qo`yish tartibi o`zgardi'ning rasmi

Mudofaa vazirligi xodimlarini Toshkent shahriga doimiy propiska qilish tartibi o`zgardi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

"2018 yil 24 sentyabrda O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining "Rahbarlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xodimlarni doimiy propiska qilish to`g`risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo`lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro`yxatiga qo`shimchalar kiritish haqida"gi qaror qabul qilindi", - deyiladi xabarda.

Hujjatga ko`ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda ishchi va xizmatchilarini doimiy propiska qilish to`g`risida ichki ishlar organlariga iltimosnoma kiritish vakolati mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari zimmasiga yuklangan.

Ushbu qaror ijrosiga qaratilgan mudofaa vazirining buyrug`ida faqat yuqori malakali va tor ixtisoslikdagi harbiy xizmatchilar hamda ishchi va xizmatchilarni lavozimda turadigan davrga propiska qilinishi lozimligiga e`tibor qaratilishi ta`kidlangan.

Propiska qilish uchun asoslanmagan iltimosnomalar kiritgan, shuningdek, harbiy xizmatchilar hamda ishchi va xizmatchilarning lavozimdan ozod qilinganligi, boshqa ishga o`tganligi yoki pensiyaga chiqqanligi to`g`risida o`z vaqtida xabar bermagan komandir va boshliqlar bunga shaxsan javobgar bo`lishi ogohlantirilgan.

Qayd etilishicha, doimiy propiska qilish to`g`risidagi iltimosnoma tegishli hujjatlar bilan birga qat`iy ravishda O`zbekiston Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi orqali kiritiladi.

    Boshqa yangiliklar