AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi serjantlar forumidan nimalar kutilmoqda?

'O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi serjantlar forumidan nimalar kutilmoqda?'ning rasmi

Vatanning har sarhadi muqaddas. El-yurt osoyishtaligi, xalqning taqdiri uchun mas`uliyat bilan xizmat qilish — oliy burch. Bu vazifalarni sidqidildan ado etuvchi harbiylar sharafli kasb egalari sanaladi.

O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo`linmalarida jangovar shaylikni mustahkamlash va yuqori harbiy intizomga erishishda serjantlarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida O`zbekiston Milliy gvardiyasi serjantlar forumi o`tkazildi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi raisi o`rinbosari –Dilnoza Kattaxanova, O`zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo`mitasi raisi o`rinbosari — Gulnora Ma`rufova, O`zbekiston faxriylari ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash Nuroniy jamg`armasi Respublika boshqaruv raisi — Shuhrat Jalilov, Mahalla xayriya jamoat fondi raisining o`rinbosari — Dilshod Usmonovlar spikerlar sifatida qatnashdi.

Forumga O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo`linmalarining serjantlar Kengashi raislari va ularning o`rinbosarlari , shartnoma asosidagi harbiy xizmat serjanti va oddiy askarlari tarkibidagi jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik a`lochilari, Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar ham ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo`mondonining o`rinbosari polkovnik Shavkat Shokirov Serjantlar forumi tashkil etilishining maqsad va vazifalari haqida ma`lumot berdi.

—O`zbekiston yoshlar ittifoqi barcha harbiy xizmatchilari va ularning oilalari huquq va manfaatlarini himoyalashga doimo shay. O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga qarashli harbiy qismlarda O`zbekiston yoshlar ittifoqining 26 ta boshlang`ich tashkilotlari tashkil etilib ularga jami 5 ming nafardan ortiq yosh harbiy xizmatchilar jalb etildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar orasida ham kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida O`zbekiston Milliy gvardiyasiga 2 mingdan ortiq adabiyot durdonalari taqdim etilishi rejalashtirildi. Joriy yilda «Yosh kitobxon» tanlovi Qurolli kuchlar tizimida xizmat qilayotgan yoshlar o`rtasida ham alohida o`tkazilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, «Temurbeklar» maktabi va Respublikamiz bo`ylab harbiy qismlarda o`z burchini ado etayotgan eng faol, iqtidor egalarini qo`llab-quvvatlash uchun Yurtboshimiz tashabbusi bilan Oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha imtiyoz berilishi yuzasidan tegishli hujjatlar loyihalari ishlab chiqilyapti. Bundan taqari harbiylar oilalarini mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish, ularning tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yishda ko`maklashish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Dilnoza Kattaxanova.

Forum doirasida «Yoshlarning harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda serjantlar tarkibining o`rni» mavzusida ma`ruza o`tildi. Serjantlar «AQSh Qurolli kuchlarida serjantlar faoliyati tizimi hamda ularning harbiy xizmatdagi vazifalari» mavzusida ingliz tilida, «Qozog`iston Respublikasi Qurolli Kuchlarida serjantlar faoliyati hamda ularning harbiy xizmatdagi o`rni va vazifalari» nomi ostida rus tilida, «Xitoy Qurolli kuchlarida serjantlar faoliyati tizimi hamda ularning harbiy xizmatdagi o`rni va vazifalari» haqida xitoy tilida taqdimotlar namoyish qilishdi.

Xotin-qizlar qo`mitasi harbiy qismlar bilan ishlash tizimi, ularning yashash sharoitlari bilan tanishish, mavjud muammolarni hal etish choralari xususida to`xtalgan Gulnora Ma`rufova “Harbiylarning oilalari bilan suhbat qilganimizda ularning turmush o`rtoqlaridagi fidoyilik, sadoqat, tushunish va sabru matonatlilik xislatlari bizni ancha quvontirgan. Ularning aksariyati oilaparvar uy bekasi sifatida farzandlarini harbiy vatanparvar avlod qilib tarbiyalamoqda, — deya ta`kidladi.

«O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari serjantlarining maqomi to`g`risida» gi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 12-apreldagi 170-son qarori asosida O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya bo`linmalaridagi serjantlar Kengashining amaldagi faoliyati va unga yangicha yondashuv bo`yicha fikr-mulohazalar yuritildi, harbiy qismda forum rejasiga asosan harbiy mashg`ulotlar o`tkazildi.

Serjantlar forumi orqali harbiy intizom va ma`naviy-axloqiy muhitni sog`lomlashtirishdagi mas`uliyat oshirilib, serjantlardagi jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik rejalariga asosan olib borilayotgan mashg`ulotlarda shaxsiy o`rnak bo`lish va tashabbuskorlik fazilatlarini shakllantiriladi. Ularning xizmat jarayonidagi ijtimoiy-maishiy va boshqa turdagi muammolarini o`rganilib, ularni hal etishga doir chora-tadbirlar tashkil qilinadi. Shu bilan birga bo`linmalarning jangovar tayyorgarlikni kuchaytirish, harbiy intizomni mustahkamlashda serjantlar kengashining o`rni va vazifalari masalasida taklif-tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar