Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O`zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.
Qarorga muvofiq, Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O`zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi hamda birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Qaror bilan tasdiqlangan Konsepsiyada O`zbekiston Respublikasining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorligining asosiy yo`nalishlari va prinsiplari, vatandoshlarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash choralari belgilandi.
Shu bilan birga, Konsepsiyada xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlartushunchasi ochib berildi. Xususan:
- O`zbekiston hududidan tashqarida doimo istiqomat qiladigan yoki ta`lim olish, mehnat faoliyati bilan shug`ullanish, oilaviy sabablar va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan O`zbekiston fuqarolari;
- xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, Vataniga ma`naviy va madaniy nuqtai nazardan mansublikni his qilgan hamda O`zbekiston - Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan O`zbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlari;
- etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o`zini o`zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikasiya qilgan hamda O`zbekiston bilan har tomonlama aloqada bo`lish xohishida bo`lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hisoblanashi belgilandi.
Qaror bilan tasdiqlangan “Yo`l xaritasi”ga muvofiq quyidagi muhim vazifa va tadbirlar belgilandi:
- 2019 yil Samarqand shahrida Vatandoshlar xalqaro forumini tashkil etish va o`tkazish;
- O`zbekiston Respublikasining vatandoshlar bilan hamkorligini yoritish maqsadida “UzBridge” axborot-tahliliy elektron jurnalini yaratish;
- O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga sarmoya kiritish, venchur fondlarni, qo`shma korxonalarni yaratish va boshqalar bo`yicha vatandoshlar faoliyatini qo`llab-quvvatlash;
- O`zbek tili, madaniyati va an`analarini dunyoga targ`ib etish va ommalashtirish uchun Alisher Navoiy nomidagi Madaniyat markazinitashkil etish masalasini o`rganib chiqish.
Vazirlik va idoralar rahbarlari mazkur Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni sifatli hamda o`z vaqtida bajarish va har chorakda ularni amalga oshirish holati borasidagi ma`lumotni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.
Shuningdek, vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqib quyidagi qo`llab-quvvatlash va rag`bat choralari ko`rsatilishi belgilandi:
- kirish vizalarini, shu jumladan, ko`p marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda O`zbekistonda hududida mehnat faoliyati bilan shug`ullanish uchun ruxsatnoma berish;
- yuqori malakali kadrlarni O`zbekistonda zarur bo`lgan mutaxassisliklar bo`yicha ishga olish;
- ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;
- davlat tasarrufidagi bo`sh turgan ob`ektlarni va er maydonlarinivatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma`rifiy, innovasion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;
- vatandoshlarning o`qishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini to`liq (qisman) moliyalashtirish;
- vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;
- soddalashtirilgan tartibda fuqarolikni berish;
- vatandoshlar – xorijiy fuqarolarga O`zbekistonning oliy ta`lim muassasalarida o`zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san`ati, televidenie va radio yo`nalishlari bo`yicha ta`lim olishlari uchun grantlar ajratish;
- vatandoshlarning ommaviy axborot vositalarini akkreditasiyadan o`tishinisoddalashtirish;
- O`zbekistonning rivojlanishiga munosib hissa qo`shgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash.






