Shu yilning 13 oktyabr kuni Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro Ch.N. ariza bilan murojaat qilib, unda 2018 yilning oktyabr oyi boshlarida X.A. Oliy ta`lim vazirligida ishlovchi U.A. orqali uning ikki nafar tanishlarini Toshkent huquqshunoslik liseyiga o`qishga kiritib qo`yishga va`da qilib, evaziga 3 ming AQSh dollari so`raganligini ma`lum qilgan.
O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berishicha, shu kuni O`zbekiston Respublikasi IIV va Namangan viloyati IIB xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, xususiy tadbirkor X.A. Namangan shahrining Nodira ko`chasida fuqaro Ch.N.dan 3 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
X.A. o`z ko`rsatmasida ushbu pullarni o`qishga kiritish masalasini hal qilish uchun jinoiy sherigi U.A.ga berishi lozim bo`lganligini ko`rsatgan.
14 oktyabr kuni X.A.ning ko`rsatmasi asosida tezkor tadbir davom ettirilib, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus kasb-hunar ta`limini rivojlantirish markazi bo`lim boshlig`i U.A. Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumani «Qirqqiz» qishloq fuqarolari yig`ini hududida jinoiy sherigi X.A.dan 3 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Ushbu holat yuzasidan Namangan shahar IIB Tergov bo`limi tomonidan X.A. va U.A.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.