AsosiyJamiyat

O`zbekiston yoshlar ittifoqi 12 yoshli xalqaro grossmeysterni va bir guruh shaxmat murabbiylarini munosib taqdirladi

'O`zbekiston yoshlar ittifoqi 12 yoshli xalqaro grossmeysterni va bir guruh shaxmat murabbiylarini munosib taqdirladi'ning rasmi

Joriy yilning 16 oktyabr kuni Budapesht shahrida bo`lib o`tgan “First Saturday GM” xalqaro turnirida iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindorov muvaffaqiyatli ishtirok etib, uchinchi grossmeysterlik talabini bajardi va 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylandi. Javohir 2017-yil ham xalqaro shaxmat ustasi unvoniga qo`lga kiritib, Prezident sovg`asiga sazovor bo`lgandi.

Javohir tinimsiz mehnat va harakatlari bilan joriy yil iyun oyida “Voronej open-2018” xalqaro musobaqasida birinchi, sentyabr oyida Turkiyada o`tkazilgan 20 yoshgacha o`smirlar o`rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi grossmeysterlik talabini bajargandi. U 12 yosh 10 oy 8 kunda grossmeysterlik unvonini qo`lga kiritib, jahon shaxmat tarixida S.Karyakindan (12 yoshu 7 oy) keyin ikkinchi, shaxmat vatani bo`lmish Osiyoda esa birinchi - eng yosh shaxmatchi sifatida o`z nomini tarix yilnomalariga muhrlab qo`ydi.

2017-yil mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo`shib kelayotgan bir guruh yoshlar O`zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlandi. Tanlov natijalariga ko`ra «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» sifatida e`tirof etilgan Javohir Sindorovga O`zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti topshirildi.

2018-yilning 3-noyabr kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining «Yoshlar press klubi» da sportning shaxmat turi bo`yicha 12 yoshli Xalqaro grossmeyster Javohir Sindorov va bir guruh murabbiylarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Unda dunyodagi eng yosh Xalqaro grossmeyster Javohir Sindorov va uning murabbiylari Sabohat Zayniddinova, Savronbek Zayniddinov, FIDE sport ustasi — Sirojiddin Zayniddinov, shaxmat bo`yicha sport ustasi, FIDE arbitri — Akrom Tashxadjaev, Xalqaro sport ustasi — Bobur Sattorov, Kamoliddin Sindorov va faol yoshlar ishtirok etdi.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboev Javohirning muvaffaqiyatlari zamirida juda katta mehnat va mashaqqat borligini ta`kidladi.

—Sportchimizning yosh bo`lishiga qaramay o`yinqaroqlikdan voz kechib, el-yurt sha`nini oqlash uchun tinimsiz shaxmat bilan shug`ullanganligi bugun O`zbekistonimiz dovrug`ining butun dunyoga yoyilishiga xizmat qilmoqda. O`tgan yili Javohirning «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» nominasiyasi bo`yicha Yoshlar ittifoqi mukofotiga sazovor bo`lishi ham bejiz emas. Mazkur mukofot ham o`zining munosib sohibini topgan. Intilganga hamisha omad kuladi. Hech bir mehnat va mashaqqat e`tiborsiz qolmaydi. Yoshlarning iqtidori va tashabbuslari har doim qo`llab-quvvatlanadi. Buning yorqin ifodasini Javohirning zafarlarida ko`rishimiz mumkin, — deydi Yoshlar etakchisi.

Ishtirokchilar o`rtasida davra suhbati tashkil etilib, sport murabbiylari Javohirning muvaffaqiyat hikoyalari haqida yoshlarga so`zlab berishdi. Taqdirlash marosimida Javohir Sindorov va uning murabbiylariga O`zbekiston yoshlar ittifoqining esdalik sovg`alari topshirildi.

Tadbir yakunida dunyoning eng yosh grossmeysteri Javohir Sindorov, bir qator shaxmat muxlislari va iqtidorli yoshlar bilan mahorat sabog`i uchrashuvi tashkil etildi. Javohir bir vaqtning o`zida bir necha nafar shaxmatchilar bellashib, o`z iqtidorini namoyon etdi.

    Boshqa yangiliklar