28 oktyabr kuni poytaxtdagi Shayx Zayniddin jome masjidida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita tashabbusi bilan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, har oyning birinchi yakshanbasi «Muruvvat kuni» sifatida belgilangan edi. Joriy yilning noyabridan e`tiboran har oyning birinchi yakshanbasi Din ishlari bo`yicha qo`mita tizimida «Muruvvat kuni» deb belgilandi va uning doirasidagi dastlabki uchrashuv 4 noyabr kuni Toshkent shahrida o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 250 nafar imkoniyati cheklangan insonlar ishtirok etdi.
Shu kuni Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan Saudiya Arabistonidan maxsus keltirilgan brayl yozuvidagi Qur`oni Karimning noyob nusxasi ko`zi ojizlarga tuhfa etildi.
Tadbir davomida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham qimmatli sovg`alar taqdim etilishi yig`ilganlarga xush kayfiyat bag`ishladi.
«O`zbekistonda 23 ming nafar kar-soqov bo`lsa-da, ularga 50 nafargina surdo tarjimon bor, — deydi ishtirokchilardan biri. — Hech bo`lmasa, 300 nafar ana shunday tarjimon kerak. Bugungi kunda masjidlarda ham surdo tarjimonlarga katta ehtiyoj bor».
Tadbirda shu kabi muammolar va ularning echimi yo`lida qator takliflar bildirildi. Keyingi muruvvat kuniga qadar amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi.
Navbatdagi «Muruvvat kuni» 2 dekabrda bo`lib o`tadi.






