O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining infratuzilmasini hamda ta`lim-tarbiyaviy jarayonini takomillashtirish yo`lida akademiya binosida Pokiston Islom Respublikasi qurolli kuchlariga bag`ishlangan mavzuviy mashg`ulot xonasini yaratish bo`yicha ishlar boshlab yuborildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Pokiston Milliy mudofaa universiteti hamda Pokiston Quruqlikdagi qo`shinlari Qo`mondonlik-shtab kolleji bilan o`zaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida yaratilayotgan ushbu xona orqali mashg`ulotlarni masofadan turib o`tkazishning imkoni paydo bo`ladi.
Yaqinda Pokistonning O`zbekistondagi harbiy atteshesi polkovnik Imron Orif erishilgan kelishuvlar doirasida Qurolli Kuchlar akademiyasiga bir qator ko`rgazmali qo`llanmalar va o`z mamlakati qurolli kuchlariga tegishli jihozlarni topshirdi. Ayni vaqtda birgalikda xonaga stendlarni joylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga Pokiston Islom Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy ta`lim muassasalari bilan videokonferensiya aloqani o`rnatish, shuningdek, pokistonlik mutaxassislarning O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida uzoq muddat mashg`ulot o`tishi masalalari ko`rib chiqilyapti.
Bundan tashqari Qurolli Kuchlar akademiyasi Fransiya qurolli kuchlariga qarashli harbiy maktablar bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda. Ta`kidlash kerakki, fransiyalik mutaxassislar Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy ta`lim muassasalari orasida birinchilardan bo`lib aynan Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlariga fransuz tilidan dars berishni yo`lga qo`ydi. Xozirda akademiyada Fransiyaga oid mavzuviy mashg`ulot xonasi ham jihozlanmoqda.

Stendlar xorijlik hamkorlar tomonidan taqdim etilgan harbiy texnika maketlari, chet el armiyasiga tegishli atributlar, jurnal va kitoblar bilan boyitilmoqda. Bunda Fransiyaning O`zbekistondagi elichixonasi harbiy attashesi podpolkovning Jan-Mari Xolsinger ham amaliy yordam ko`rsatyapti.






