1

​Ro`shnolik ko`rmagan opam (hikoya)

Mutolaa 12.11.2018, 11:50
​Ro`shnolik ko`rmagan opam (hikoya)

Ko`pincha biror inson hayotida ro`y bergan voqealarni muhokama qilgandan so`ng, bu unga yaratgan tomonidan berilgan sinov, yoki peshonasiga bitilgan yozug`i bo`lsa kerak degan mulohazaga boramiz. Gohida buning aksi bo`lsa-chi? Inson zoti ko`p bo`lgani bilan har birining hayoti, taqdiri turlicha-da. Birov o`tgan hayotiga shukr qilsa, birov noliydi. Ayrimlar esa hayotda o`z o`rnimni topdim, og`zim oshga etdi degan mahalda bu yorug` dunyo bilan vidolashadi.

…Gulchehra opamning ismi jismiga mos, sarvdek qaddi, guldek chiroyi bor edi. Amakim unga hamma farzandlaridan ko`ra ko`proq mehr qo`ygan edilar. Ko`pchilik qizlar kabi uning ham bo`yi etib, qo`shni mahallada yashovchi yigitga unashtirildi. Oilada to`ng`ich farzand bo`lgani uchun onasi unga hamma uy yumushlarni o`rgatgan edi. Non yopish, ovqat pishirish, tikuvchilik, kashta, belbog`, to`n tikishni ham qoyillatardi.

Uning qo`ng`iroqdek sochlariga, qayrilma qoshlariga mahliyo bo`lgan mahalla yigitlari uning otini eshitganda, og`izlarining tanobi qochardi. Lekin qiz bolaga qirqtasi og`iz solsayam, bittasiga nasib etadi-da! Xuddi shunday bo`ldi. Orzu havasli to`y ham bo`lib o`tdi.

Men u paytlarda yosh qizcha edim. Ko`pincha opamni sog`inib, tez-tez uning kelinlik uyiga borardim. Gulchehra opam erta tongdan turib qaynota-qaynona xizmatini qilar, hovlilarni chinnidek supurib, ovsini va qaynsingillari turguncha nonushta tayyorlardi.

Ammo… Qaynonasi Halovat ayaga uning zamonaviy kiyinishlari, did bilan pardoz qilishlari sira yoqmadi. Har yumushidan ayb qidirib eriga, boshqa oila a`zolariga yomonlay boshlardi. Kuyov ham onasining chizgan chizig`idan chiqolmasdi. Onasining har kungi o`rinsiz javrashlaridan yuragi bezdimi, ba`zida ichib kelib Gulchehrani uradigan, so`kadigan odat chiqardi.

Qaynonasining, erining ra`yiga qarab, so`ngi urfdagi kiyim-kechaklarni kiymay qo`ydi. Alamini mehnatdan oldi. Kechalari uxlamasdan kashta, ko`ylak tikdi. Belbog`larga gul chizdi. Topgan pullarini eriga, qaynonasiga tutqazdi. Onasi aytganidek uydagi gapni ko`chaga, begonaga chiqarmadi. Halovat aya bir hafta, o`n kun jim bo`lib ketardi.

Gulchehra hammasiga chidadi. Dardini hech kimga, hatto onasiga aytishdan istihola qildi. Unig qalbida umid paydo bo`ldi. Shifokor ko`rigidan o`tgani borganida ona bo`lish haqidagi xabar uni sevintirib yubordi.

U o`ziga so`z berdi. O`lsa ham endi ota uyiga qaytib bormaydi. Gulchehraning shirin orzulari sarobga aylandi. Homiladorligi haqidagi gap erini ham, qaynonasini ham unchalik quvontirmadi.

Yaratganning inoyatidan xursand bo`lib ko`zi yorishini kutdi. Ko`p o`tmasdan onalik baxtiga muyassar bo`ldi. Qizi tug`ildi. Unga Umida deb ism qo`ydi. Ammo, baribir erining, qaynonasining unga munosabati o`zgarmadi.

Gohida u qizchasini ko`tarib biznikiga kelar, opa-singil bitta uyga kirvolib, uzoq sirlashardik. U hech kimga aytmagan dardlarini menga to`kib sochardi.

“Gohida boshimni olib uzoqlarga ketsammikin?” derdi yuba`zida o`z xayollariga berilib. Keyin esa, siniq kulimsirab, “g`alatiman-a” deb qo`yardi.

Eridan ajralmaslikka ko`p harakat qildi. Ammo... Ko`rgulik ekan, qizini bag`riga bosib ota uyiga qaytdi. Qaytishga majbur bo`ldi. Ukalari ko`rgani kelishsa, qaynonasi: “Onangga borib ayt, opangni olib ketsin”, - dedi. Qizi Umidani kelin bo`lgan uyida emas, ijara uyda katta qildi.

Qizi bilan turmush qurmasdan shunday toq yashab o`tishga rozi edi. Turmushga chiqay desa, og`zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi deganlaridek, sovchi kelsa yuragini vahima bosadi. Erining urganlari, haqoratlari, kamsitganlari birma-bir ko`z oldidan o`taveradi. U hammasiga rozi edi. Buvim aytganlaridek, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib eri bilan yashashga tayyor edi. Lekin...

Oradan yillar o`tdi. Umida ham shiringina bo`lib g`ujurlab gapira boshladi. Bir kuni amakmi, buvim, kelinoyim unga uzoq nasihat qilishdi. “Do`stu dushman ichida gapga qolmagin, ko`zimiz tirikligida birovning mahrami, bir ro`zg`orning egasi bo`l. Boshinga soyabon bo`lgani yaxshi” deyishdi.

Gulchehra opam yig`ladi, siqtadi. So`ramasdan uzatib xato qilayotganlarini kattalarga tushuntirmoqchi bo`ldi. Sho`rlik mushtiparning gapini kim ham tinglardi? Bir haftadan so`ng uni yoshi o`zidan ancha katta kishiga uzatishdi.

Gulchehra yana taqdirga tan berdi. Hammasiga qo`l siltab, xonadonidan fayz uchgan Hikmat tog`aning uyini uy, joyini joy qilishga kirishdi. Uy ishlari, tikish-bichishdan ortib ishga kirdi. Hikmat amakini ham ishga kirishga undadi. Qizini singillariga qoldirib, ishga borib kelaverdi.

Ular asta-sekin uylarni ta`mirlab, ro`zg`orga kerakli bo`lgan buyumlarni xarid qilishdi. Gulchehra opam yana bir emas, uch farzandni dunyoga keltirdi.

Sirtdan qaraganda ularning oilasi tinchga o`xshardi. Ammo... Gulchehra erining yarim kechada ichib kelishini, oldingi xotini, farzandlarini eslab, o`kirib yig`lashini, ba`zida qo`liga pichoq olib uni quvlashini mendan bo`lak hech kimga aytmasdi. Aytsa yana ajrashishi turgan gap. Qaytib ota uyiga borishga nomus qilardi.Buni sharmandalik deb tushunardi.

U kundan-kun erib borayotgan shamga o`xshardi. Ko`zga ko`rinmas dard umrini soat sayin qisqartirib borayotganini ich-ichidan sezsada birovga dardini dasturxon qilmasdi. Hammani to`plab, qizini so`ratgan qo`shni mahallada yashovchi ayolning jiyaniga berishga rozilik bildirdi.

Nog`ora-yu, surnaylar bilan to`y ham bo`lib o`tdi. Ko`ngli ancha xotirjam bo`ldi.

Bir kuni Gulchehra opamni ko`rgani bordim. Juvonning yuzlari so`lg`in bo`lsa-da, chiroyli edi.

— Keldingmi? - dedi allaqanday mungli ovozda. — Bir o`zim o`tiraman. Bolalar dadasi bilan narigi uyda televizor ko`rishadi.

Uning sarg`aygan yuzlariga, ich-ichiga cho`kkan ko`zlariga qarab g`alati bo`lib ketdim. Sezdirmaslikka harakat qilib:

— Opa, sog`ligingiz yaxshimi? - deb so`radim.

— Ancha tuzukman. Bolalaringni ham olib kelmabsan-da. U yonidagi stolga qo`l uzatib, mayiz, qand, murabbo, non olib men tomonga qo`ydi.

— Opa, ko`p urinmang! — Shu so`z og`zimdan chiqdi-yu, Gulchehraning chehrasi o`zgardi.

— Sendan yashirib nima qildim, hamma yog`im shishib ketgan. Men... yaqinda o`laman, - dedi ko`zlari to`la yosh bilan. Uni yupatishga harakat qildim. Uni oxirgi marta ko`rib turganligimni bilmasdim. Kuz fasli edi. Yana xabar olaman dedimu vaqt topib borolmadim.

O`sha yili qalin qor yog`di. Dekabrning oxirgi kunlarida uning vafot etgani haqida xabar keldi. Xilvatga borib aytib-aytib yig`ladim.

Gulchehra katta amakimning qizlari edi. Uning uyiga janoza marosimiga bordik. Olti singlisi, to`rt ukasi, yaqinda kelin bo`lgan yoshgina qizi, uch nafar voyaga etmagan o`g`il-qizlari meni ko`rib battar izzillashdi. O`zimni tutolmay ovozimni chiqarib yig`ladim.

Vidolashish uchun katta uyga kirdik. Uning ko`zlari yumuq. Bo`yi yanayam cho`zilib ketgandek. Yuzlari, oq ro`molcha bilan tang`ilgan iyagi, yarim ochiqdek lablari qonsiz, sovuq.

Janozaga ko`p odam keldi. Hamma sel bo`lib yig`ladi. Azadorlar o`z dardini, Gulchehraning erta xazon bo`lgan umrini, qisqa kechgan hayotini aytib-aytib yig`ladi. Quloqlarimni berkitaman, o`zimni tutishga harakat qilaman. Marsiyalar qulog`im ostida jaranglayveradi...

Oradan yillar o`tdi. Uning farzandlari uyli-joyli bo`lib ketishdi. Hikmat tog`a yana ikki marta uylandi. Ikki ayoli ham ikki-uch oyda bo`g`chasini ko`tarib ketib qolaverdi. Odamlar “Gulchehraning uvoli tutdi. Xotinga yolchimadi boyaqish” deb gapirishdi.

Xotira kuni mahallaning qabristoniga borib o`tgan bobolarim, bevaqt vafot etgan ukam Baxtiyorning va albatta bu yorug` olamdan kun ko`rib, kuni ro`shnolik ko`rmagan opamning qabrini ziyorat qilib qaytaman. Mung`ayibgina turgan qabr yaqinidagi o`rindiqqa omonat o`tirib, bilganimcha Qur`on o`qiyman.

Ko`z o`ngimdan uning qor va yomg`ir ostida ishdan qaytayotgani, ayol kishi bo`lsa ham loy qorib paxsa urayotgani, oshxonasi devorini suvayotgani, hovlisidagi sement yo`laklarni tuzatayotgani, yarim kechagacha uxlamasdan kashta, belbog`, to`n tikayotgani, to`y va ma`rakalarga bosh bo`lib, quvnoq holda yurganlari ko`z o`ngimdan o`taveradi…

O`tganlarni Alloh rahmat qilsin...

Nazira Hamidova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1