AsosiyJamiyat

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari hukumatga aniq taklif bilan chiqmoqda

'Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari hukumatga aniq taklif bilan chiqmoqda'ning rasmi

Ishchi guruhi tarkibida faoliyat yuritayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari fermer xo`jaliklarida mehnat qilayotganlarning aksariyati «soyali» mehnat bozorida ishlayotganini aniqladi.

Tabiiyki, ekin uchun quyosh nuri, suv va shubhasiz, parvarish lozim. Soyada o`simlik rivojlanmaydi, hosildan qoladi. Xuddi shunday, “soyadagi iqtisodiyot” ulushining ko`pligi mamlakat taraqqiyotiga, aholi turmush darajasiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.

Prezidentimiz tavsiyasiga ko`ra hududlardagi haqiqiy ahvolni o`rganish maqsadida tashkil etilgan respublika ishchi guruhlari tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining olib borgan faoliyati davomida band aholining katta qismi, xususan, savdo va xizmat ko`rsatish, qurilish hamda qishloq xo`jaligi sohasida, fermer xo`jaliklarida mehnat qilayotganlarning aksariyati «soyali» mehnat bozorida, ya`ni norasmiy tartibda ishlayotgani aniqlandi. Qishloq xo`jaligida band 2 million kishining to`rtdan bir qismigina rasman ishga joylashgani sababli Senat a`zolari tomonidan Moliya vaziriga parlament so`rovi yuborilgani ham bejiz emas.

Ishlab chiqilgan mehnat va modiiy resurslar me`yorlariga ko`ra, 1 nafar ishchi mehnat qilishi kerak bo`lgan paxta maydoni 1,1 – 1,45 gektar, g`alla maydoni esa 5 gektar, kartoshka uchun 0,75 gektar yoki poliz ekinlari uchun o`rtacha 0,90 gektarni tashkil etar ekan. Amalda esa bu me`yorlar mutlaqo boshqa raqamlarni ko`rsatmoqda.

Misol uchun, soliq idoralaridan olingan ma`lumotlar tahliliga ko`ra, viloyatda 2016, 2017 yillarda fermer xo`jaliklarida rasmiy ishlagan bir ishchiga to`g`ri kelgan er maydonining eng kam miqdori 2-3 gektar, eng ko`p miqdori esa 8-15 gektarni tashkil etgan. Qizig`i, bir rasmiy ishchiga hisoblangan ish haqi 2017 yilda o`rtacha 3,7 million so`mni tashkil etgan bo`lsa-da, uchrashuvlarimiz davomida dalalarda ishlayotgan ishchilarning hech biri yuqoridagi miqdorda ish haqi olmaganini aytishdi. Shuningdek, bitta fermer xo`jaligiga to`g`ri kelgan rasmiy ishchilarning o`rtacha soni ham atigi 4-5 nafarni tashkil etgan.

Amaldagi “Fermer xo`jaligi to`g`risida”gi qonunda fermer xo`jaligida mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi, xodimlar o`rtasidagi mehnatga oid munosabatlar qonun hujjatlariga muvofiq mehnat shartnomasi bilan tartibga solinishi, mehnatga haq to`lash taraflarning kelishuviga ko`ra pul hamda natura tarzida, qonun hujjatlarida mehnatga haq to`lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo`yicha belgilangan miqdordan oz bo`lmagan holda belgilanishi kerakligi mustahkamlab qo`yilgan. Afsuski, aksariyat fermer xo`jaliklarida mehnat va modiiy resurslar me`yorlariga amal qilinishida hamda mehnatga yarasha haq to`lash tizimida ham jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`yilayotgani, ishchilarga bug`doy, somon yoki g`o`zapoya bilan yoki bo`shagan erda dehqonchilik qilish bilan oz miqdorda haq to`lanayotgani achinarli holdir. Buning ustiga, hech qanday mehnat shartnomalari tuzilmagani oqibatida bunday ishchilar ish stajidan va kelajakdagi pensiyadan ham mahrum bo`lishlari ham aniq. Shu kabi holatlar oqibatida yoshga doir pensiya bilan umuman qamrab olinmagan aholining ulushi, shuningdek, to`liqsiz ish staji bilan pensiya tayinlanayotganlarning ulushi ham yildan yilga ortib bormoqda. Ishchilarning shaxsiy manfaatdorligi kamligi sababli, ular tomonidan amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning sifati ham talabga javob bermaydi va oqibatda hosildorlikning kamayishiga ham ta`sir ko`rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, iqtisodiyotdagi norasmiy sektor ulushini kamaytirish bugunning eng dolzarb masalasiga aylanishi hamda bayon etilgan kabi masalalar bo`yicha qat`iy choralar ko`rilishi zarur. Shu maqsadda quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

Qonun hujjatlari bilan, birinchidan, faoliyat yo`nalishi va hududlar holatini inobatga olgan holda fermer xo`jaliklaridagi xodimlar soni uchun aniq me`yorlarni qat`iy belgilash;

ikkinchidan, fermer xo`jaliklari xodimlari uchun belgilangan soliq to`lovlarini 3-4 barobar kamaytirish yoki umuman bekor qilish;

uchinchidan, fermer xo`jaliklari xodimlariga mehnat haqining naqd puldagi eng kam ulushini belgilash va ish haqining bir qismi uchun rejadan ortiqcha etishtirilgan hosildan olingan daromadning, qoldiq mahsulotning, ekilgan takroriy ekinning 20-30 foizini natura shaklida to`lashni joriy etish, bo`shagan erlarga takroriy ekin ekib, daromad olish imkoniyatini berish;

to`rtinchidan, har bir xodim uchun 0,05-0,1 ga miqdoricha er maydonini ma`lum belgilangan miqdorda er solig`ini to`lash sharti bilan uzoq muddatga (fermer xo`jaligida ishlayotgan davri davomida) ijaraga berishni joriy etish;

beshinchidan, xodimlarning fermer xo`jaliklaridagi, jumladan, erni ekinga tayyorlash, urug`ni ekish, ekinlarni parvarishlash va hosilni etishtirib, yig`ishtirib olishdagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda majburiyatlarini belgilash;

oltinchidan, har bir sub`ektning yuqoridagi holatlar bo`yicha, shuningdek, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishdagi mas`uliyatini oshirish va javobgarligini kuchaytirish;

ettinchidan, qishloq xo`jaligida mehnat huquqi munosabatlariga amal qilinishi nazoratini kuchaytirish hamda huquq-tartibot va mehnat organlari, shuningdek, fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashlari vakolatlarini kuchaytirish zarur.

Bu orqali, fermer xo`jaliklaridagi rasmiy ish o`rinlari soni 2 million nafargacha ortib, aholi bandligini ta`minlash, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini, ayniqsa, paxta xosilini yig`ishtirib olishdagi mavjud muammolar bartaraf etilib, yanada samarali tizimni yo`lga qo`yish mumkin.

Abdurashid Abduqodirov,

Rasul Kusherbaev,

Islom Zokirov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari

    Boshqa yangiliklar