1

Farg`onada xo`rlangan ayol erining qotilga aylandi

Jinoyat 12.11.2018, 20:14
Farg`onada xo`rlangan ayol erining qotilga aylandi

Xalqimizda azaldan oila vatan ichra mo``jaz vatan, muqaddas dargoh sifatida e`zozlanadi. Shu bois bir oila bo`lib, uzoq yillar baxtli turmush kechirgan va oqil farzandlar tarbiyalagan piru badavlat insonlarga ko`pchilikning havasi keladi.

Ammo oramizda oilaga nisbatan bepisand munosabatda bo`luvchilar ham uchrab turadi. Shuning uchun ham keyingi paytlarda oilaviy ajrimlar va mojarolarning ortgani hamda asrlar mobaynida sayqal topib, qadrlanib kelinadigan sharqona oilaviy an`analarning o`zgarib ketayotgani ko`pchilikni o`ylantirib qo`ymoqda.

Muqaddas kitoblarimizda ham oila buzilsa, arshi a`lo larzaga keladi, deyiladi. Shu ma`noda, oilalarning darz ketishi, ba`zan oilaviy mojarolarning qasd yoki suiqasd holatlari bilan yakun topayotgani qalbimizni larzaga keltiradi.

Farg`ona viloyatining Quva tumanida sodir etilgan jinoyat ham shunday bo`ldi – o`z turmush o`rtog`ini pichoqlab o`ldirgan ayol qilmishi bu haqda eshitgan har qanday insonni chuqur qayg`uga soldi.

Sudlanuvchi Minavar Sharipova 2009 yildan jabrlanuvchi D.Samanov bilan shar`iy nikohdan o`tib, Quva tumaniga qarashli O`raboshi mahallasida yashagan. Oilada ikki farzand tug`ilgan bo`lsa ham, afsuski, er-xotin o`rtasidagi munosabatlarga darz ketgan edi. Marhum D.Samanov muqaddam bir necha marotaba sudlanib, uzoq yillar ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlangani sababli tabiati og`ir bo`lib, ular bir-birlari bilan juda ko`p janjallashardi.

O`zaro kelishmovchiliklar, oiladagi nosog`lom muhit sababli Minavar ota uyiga ketib qolardi. 2018 yilning may oyida mahalla faollarining aralashuvi bilan er-xotin yarashtirib qo`yildi, ammo baribir uyda har kuni janjal ko`tarilaverdi. Iyun oyining boshlarida eri unga tan jarohati etkazganda, profilaktika inspektori tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib, ma`muriy ishlar bo`yicha Quva tuman sudining sayyor majlisida ko`rib chiqildi. M.Sharipova D.Samanov bilan yarashib olganligini bildirgani sabab sud tomonidan turmush o`rtog`i ogohlantirildi. Shundan so`ng ham D.Samanov xotiniga tazyiq o`tqazib, uyatli so`zlar bilan haqoratlash va tan jarohati etkazishda davom etaverdi. Nihoyat, xo`rlik va kaltaklardan zada bo`lgan ayolning sabr kosasi to`ldi.

2018 yilning 20 iyul kuni soat 14:00 larda D.Samanov turmush o`rtog`i bilan yana janjallashib, uyatli so`zlar bilan so`kdi va uyga boshqa ayolni olib kelishini takror va takror ta`kidladi. Bu bilan ham xumori bosilmay agar xohlasa bu uyda cho`ri sifatida yashashi mumkinligini aytib, kutilmaganda ayoliga tashlanib, oshxona pichog`i bilan ikkala son sohalariga tan jarohati etkazdi. Shundan so`ng pichoq va jarohatlarini yuvib kelishini buyurganida, tashqariga chiqib erining bunday harakatidan g`azablangan ayol oshxona pichog`i bilan qurollangan holda xonaga qaytib kiradi. Uxlamoqchi bo`lib yotgan D.Samanovning orqasidan kelib, dastlab bo`yin sohasiga pichoq uradi. Keyin qattiq zarb bilan tanasining turli joylariga ko`plab sanchib kesilgan jarohatlar etkazib, erini qasddan o`ldiradi...

Yaqinda mazkur ayanchli jinoyat sababchisi bo`lgan ayolning xatti-harakatlari yuzasidan odil sud hukmi chiqarildi. Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyati sudida sudya D.Xoliqnazarova raisligida ushbu jinoyat ishi atroflicha o`rganilib, jazo tayinlashda sudlanuvchini besh nafar farzandi borligi, qaramog`idagi uch nafari voyaga etmaganligi, jinoyatni marhum D.Samanovning g`ayriqonuniy harakatlari tufayli sodir etgani kabi holatlar inobatga olindi. Sudlanuvchi M.Sharipovaga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97-moddasining 1-qismiga asosan hamda JKning 57-moddasini qo`llab, 6 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Albatta, bu holatda ayol kishining jinoyatga qo`l urishi ko`plab omillarga bog`liq. Yana ham aniqroq aytganda, oiladagi nosog`lom muhit bois ayol o`z erining qotiliga aylandi. Chunki uzoq davom etgan janjallar M. Sharipovaning tinkasini quritgani rost. Bu oilaviy kelishmovchilik va mojarolar esa afsuski, fojia bilan yakun topdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1