AsosiyJamiyat

Toshkentda o`quvchi yoshlar uchun harbiy qismlardan birida bayram tadbiri o`tkazildi

'Toshkentda o`quvchi yoshlar uchun harbiy qismlardan birida bayram tadbiri o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston Mudofaa vazirligi Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonligiga qarashli harbiy qismlardan birida o`quvchi yoshlar uchun «Ochiq eshiklar kuni» bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tadbir O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi «O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatchilarning ma`naviy-ma`rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida»gi qarori ijrosi yuzasidan o`tkazildi. U yoshlar o`rtasida harbiy xizmatchilarga nisbatan faxr va iftixor tuyg`ularini oshirish, ularda harbiy kasbga bo`lgan havas va qiziqishlarni shakllantirishga qaratildi.

Tadbir davomida o`quvchi yoshlar harbiy qismdagi o`qotar qurollar, harbiy texnikalar va o`quv moddiy bazalar bilan tanishdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qo`l jangi dasturlari va xizmat itlarining ko`rgazmali chiqishlari tashrif buyurganlarning barchasida katta qiziqish uyg`otdi. Bundan tashqari yoshlar o`rtasida kitobga bo`lgan qiziqishni uyg`otish maqsadida ko`chma kitoblar yarmarkasi ham tashkil etildi.

Tashrif so`ngida yoshlar o`rtasida harbiy-amaliy sport turlari bo`yicha bellashuvlar o`tkazilib, g`olib va sovrindorlarga harbiy qism rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.

    Boshqa yangiliklar