AsosiyJamiyat

Toshkentda bolalar va yoshlar tarbiyasida oilaning o`rniga bag`ishlangan xalqaro anjuman boshlandi

'Toshkentda bolalar va yoshlar tarbiyasida oilaning o`rniga bag`ishlangan xalqaro anjuman boshlandi 'ning rasmi

Bugun Toshkent shahridagi "City Palace Hotel Tashkent" mehmonxonasida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Maktabgacha ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi hamkorligida "Bolalar va yoshlarning ma`naviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

Yosh avlodda ma`naviy-axloqiy, odob qadriyatlarini va ota-onaga hamda katta yoshdagi insonlarga hurmatni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy va madaniy-ilmiy salohiyatini oshirish borasida xalqaro tajribani keng o`rganish va mamlakatimizda ommalashtirish masalalarida fikr almashish uchun xorijiy davlatlarning etuk mutaxassislari va ekspertlari ushbu anjumanga taklif etildi.

Xalqaro konferensiyada o`ndan ortiq chet el mamlakatlaridan tashrif buyurgan professor-olimlar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, Prezident administrasiyasi va hukumat xodimlari, oilashunos olimlar, huquqshunoslar, professor-o`qituvchilar, psixologlar, islomshunoslar, davlat va nodavlat hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda xalqaro va milliy jamoatchilikni bolalar va yoshlarni oilada ma`naviy-axloqiy tarbiyalash bo`yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirish, o`sib borayotgan avlodni ma`naviy va oilaviy qadriyatlar asosida tarbiyalash, bu boradagi eng ilg`or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyaga "Bolalar va yoshlarni tarbiyalashda ma`naviy meros va milliy qadriyatlarning o`rni", "Ma`naviy-axloqiy, huquqiy ta`limni shakllantirish bo`yicha zamonaviy tadqiqotlar", "Dunyo dinlarida tinchlik va osoyishtalik, bag`rikenglik va axloq mavzusi", "Oilani mustahkamlash sohasidagi tadqiqotlarning ustuvor yo`nalishlari" kabi yo`nalishlarda ilmiy-amaliy izlanishlar olib borayotgan xorijlik hamda mahalliy olim va tadqiqotchilarning yuzdan ortiq maqola va monografiyalari taqdim etildi.

Ularning ichida xorijlik tadqiqotchilar — Yaponiyaning Ashi universiteti faxriy professori Kuniko Xakamada, Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro assosiasiyasi ijrochi direktori, Koreya xalqaro munosabatlar universiteti professori Kim Peng Il, Ispaniyadagi Madrid avtonom universitetining iqtisodiy tadqiqotlar maktabi direktori Manuel Xuan, Rossiyaning Kursk davlat universiteti "Sosiologiya va siyosatshunoslik" kafedrasi professori Tatyana Kamenevaning o`ziga xos chiqishlari alohida e`tirof etildi.

Qizg`in bahs-munozaralar, fikr-mulohazalar, savol-javoblar, tortishuv va muhokamalarga boy o`tgan anjuman yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirildi, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi. Konferensiyaga taqdim etilgan eng dolzarb maqolalar ilmiy to`plam holida chop etildi.

    Boshqa yangiliklar