1

Bezorilik, nomusga tegish jinoyatlarini sodir qilgan yigit o`z ota-onasini ham pichoqladi

Jinoyat 17.11.2018, 22:03
Bezorilik, nomusga tegish jinoyatlarini sodir qilgan yigit o`z ota-onasini ham pichoqladi

Jinoyat ishlari bo`yicha Sergeli tuman sudi zalida mazkur tumanning “Yo`ldosh” mahalla fuqarolar yig`iniga qarashli Sputnik-9 dahasida istiqomat qiluvchi, ko`zlari ko`rmasligi sababli bolaligidan birinchi guruh nogironi Ashur ota Masharipov (ism-familiyalar o`zgartirilgan — tahririyat) 2018 yilning 28 aprel kuni oilasida sodir bo`lgan mudhish voqea haqida guvohlik berar ekan, afsus-nadomatlar bo`g`ziga tiqildi:

“...O`sha kuni soat 11 lar chamasi o`g`lim alohida xona ajratib berishimizni, uylanmoqchi ekanligini, bolalari bilan biznikida yashayotgan opasini uydan haydab chiqarishimizni talab qilib, janjal boshladi. Uylanib, bir ayolning hayotini do`zaxga aylantirgan odam ikkinchisini baxtli qilarmidi? Xotinim bilan ikkalamiz janjal chiqmasligi uchun ko`chaga chiqib, ancha o`tirdik. Ammo uydan eshitilayotgan taraq-turuq. shovqin kuchaygach, yana uyga kirishga majbur bo`ldik. Uyga kirsak, xona eshigini buzib tashlabdi. Unga qizim va nevaralarimizni ko`chaga chiqarib yubormasligimizni aytdik. “O`zing mehnat qilib uy olgin, janjalni to`xtatmasang milisiya chaqiramiz,” dedim. Shunday deb ko`chaga yo`l oldik. Shu payt u orqamdan kelib bir necha bor pichoq urdi va eshik oldidagi tomorqaga yiqitib, shafqatsizlarcha urib, tepib tashladi. Bunday qilmasligini so`rab, dod solib, meni himoya qilmoqchi bo`lgan turmush o`rtog`im ham noqobil o`g`il qo`lidagi pichoqdan nasibasini oldi. Keyin bilsam, men tomorqada, xotinim esa yo`lakda hushimizni yo`qotibmiz...”

Ota silkinib-silkinib unsiz yig`lardi. Ojiz ko`zlariga nur, beliga quvvat bo`lishini Yaratgandan so`ragan padari buzrukvorning o`z-o`ziga beradigan savollari ko`p, ammo javobsiz edi...
Karima Masharipova ham o`g`lining qilmishlari haqida alam bilan gapirar ekan, onaning qalbidagi farzandga mehri vujudidagi tan jarohatidan ustunlik qildi. Bir paytlar o`zi o`pib erkalagan jajji qo`lchalar bugun mushtga aylanib, uni kaltaklagan va pichoqlagan tana va qalb yarasi hali bitmagan bo`lsa ham, beshinchi bor sud kursisiga o`tirgan nobakor o`g`li Abidjonga da`vosi yo`qligini, kamroq jazo tayinlanishini so`radi...

Darvoqe, Abidjon Masharipov ilk bor sudning qora kursisiga o`tirganida bor-yo`g`i 19 yoshda edi. 2000 yil 17 martda unga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yildagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan. Abidjon Masharipov bu imkoniyatdan foydalanib, to`g`ri yo`lga kirsa, biron kasbning boshini tutib, ota-onasiga yordam bersa, nur ustiga nur bo`lar edi. Ammo u “o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas” deganlaridek, 2001 yilda bosqinchilik jinoyatini sodir etdi. “Bir marta og`zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi”, deydi dono xalqimiz. A.Masharipov esa qilgan xatolaridan xulosa chiqarmasdan, 2008 yilda JKning 118-moddasi 2-qismi “g” bandida ko`rsatilgan nomusga tegish jinoyatini sodir qildi... Amnistiya aktining qo`llanilishi natijasida jazo muddatidan ilgari ozod qilingach, 2012 yilda yana O`zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “a,g” bandlarida ko`rsatilgan bezorilik jinoyatiga qo`l urdi...

Ayni kuch-quvvatga to`lgan yigit tog`ni ursa talqon qiladigan yillarini jazo o`tash bilan o`tkazsa, ketma-ket turli jinoyatlarni sodir etsa, oilasi buzilsa, ota-onasining maslahatini quloqqa ilmasa, bu holatga mahalla fuqarolar yig`ini, xotin-qizlar qo`mitasi va profilaktika inspektori e`tibor qaratishi lozim emasmidi? Aslida-ku “Bola yoshidan...” deganday, uni yoshligidan mehnatsevarlik, halollik, mehr-oqibatlilikka oshno qilib tarbiyalamoq joiz ekanligi barchaga ayon. Ammo endi g`isht qolipdan ko`chib bo`lgach, ota-onani ayblashdan naf yo`q. Bezorilik, bosqinchilikdan boshlangan jinoyat nomusga tegishgacha borib etdi va nihoyat o`z ota-onasini pichoqlash bilan yakun topdi.

Yakun topdi deymizu Abidjon Masharipov o`ta xavfli residivist sifatida maxsus tartibli koloniyada 7 yil bir oy jazo muddatini o`tagach, qilgan aybini, nafaqat ayb, naqadar kechirilmas gunoh qilganini tushunib etarmikan? Ota-onaga pichoq tugul qo`l ko`tarish, hatto ovozini balandlatish gunohligini anglab, ularning roziligini olish uchun xizmatlariga kamarbasta bo`larmikan?..


Saodat MATYoQUB qizi,
“Adolat” gazetasidan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1