O`zbekistonning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.
O`zbekiston xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, prezident tashabbusiga ko`ra birinchi maktab Qoraqalpog`istonning Nukus shahrida tashkil etiladi. Prezident maktablari bosqichma-bosqich mamlakatning boshqa hududlarida ham ochiladi.
Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko`ra, Sherzod Shermatov soha mutasaddilariga maktabni tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berdi.
“Prezident maktablarining asosiy maqsadi mamlakatimizning har bir viloyatida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratishdir”, - dedi xalq ta`limi vaziri.
Vazirning aytishicha, Prezident maktablari STEAM (Science (fan), Technology (texnologiya), Engineering (muhandislik), Art (san`at) va Mathematics (matematika) fanlarini o`qitishga ixtisoslashgan bo`ladi.
Ya`ni, Prezident maktablarida yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg`or ta`lim metodologiyalari asosida chuqur o`rgatiladi.
“Prezident maktablarida o`quvchilarni tanlash va ta`lim sifatini ta`minlash uchun ularni xorijlik mutaxassislar boshqaradilar. Shu bilan birga, maktabga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etiladilar va ularning faoliyatiga kerakli shart-sharoitlar yaratiladi”, - dedi Shermatov.
Vazirning qayd etishicha, hozirda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Prezident maktablari faoliyati va o`quvchilarni qabul qilish masalalarini tartibga soluvchi kerakli me`yoriy hujjatlarni tayyorlash bo`yicha ishlar boshlandi. Bu hujjatlar o`quvchilarga qo`yiladigan talablar va qabul qilish jarayonini belgilab beradi.






