Poytaxtimizda Sog`liqni saqlash vazirligi, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti(JSST)ning Evropa mintaqaviy byurosi va JSSTning O`zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O`zbekistonda sog`liqni saqlashni isloh qilish” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda hukumat vakillari, JSST ekspertlari va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etishdi, deya xabar bermoqda Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Qayd etish joizki, tibbiyotni yanada isloh qilish va sifat darajasini oshirish borasida izchil sa`y-harakatlar bir zum bo`lsa-da, to`xtagani yo`q. Bu borada ilg`or xorijiy davlatlar tajribasi o`rganilib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda.
Ushbu konferensiya ham mamlakatimizda sog`liqni saqlashni kompleks isloh qilish va 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ko`maklashuvchi uzoq muddatli strategik dastur – Sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tadbiq etish maqsadida tashkil etildi.
Unda sog`liqni saqlashni isloh qilish bo`yicha 2025 yilgacha mo`ljallangan 7 yillik rivojlantirish konsepsiyasi mazmun-mohiyati ham muhokama qilindi. Jumladan, sog`liqni saqlashning boshqarish va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy sug`urtani joriy qilish, davlat-xususiy sherikchilik va tibbiy turizmni rivojlantirish, shuningdek, kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va tibbiyot fanini rivojlantirish kabi ustuvor yo`nalishlarga e`tibor qaratildi. Bundan tashqari, birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish, aholi sog`ligini mustahkamlash va farovonligini oshirish yo`lida barcha davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi aytib o`tildi.
Konferensiyada so`zga chiqqat JSSTning Evropa mintaqaviy byurosidirektori Jujanna Yakab tibbiyotni isloh qilishga qaratilgan mazkur konsepsiyaga e`tibor qaratib, sohaga ko`rsatilayotgan ulkan e`tibor uchun O`zbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti O`zbekiston tibbiyotidagi tizimli islohotlarni to`la qo`llab-quvvatlagan holda, ushbu amalga oshirilayotgan islohotlar ko`plab davlatlarga namuna bo`la olishini e`tirof etdi. Jumladan, immunizasiya yoki vaksinasiya borasidagi ishlarga qaratilayotgan etibor, hattoki, Evropaning rivojlangan mamlakatlarida ham amalga oshirilmagani aytib o`tildi.

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov o`z chiqishida mamlakatimiz sog`liqni saqlashda barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishish va aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish bo`yicha majburiyatlarini bajarishda sodiq ekaniga urg`u berdi. Tibbiyot tizimini rivojlantirish bo`yicha yangi konsepsiyaning tatbiq etilishi odamlar salomatligini yanada samarali himoyalashga xizmat qilishini aytib o`tdi.
Qizg`in va ko`tarinki ruhda o`tgan xalqaro konferensiyada Konsepsiya loyihasida aks etgan sog`liqni saqlash tizimini mustahkamlash bo`yicha harakatlarning asosiy ustuvor jihatlari, shu jumladan, aholi sog`lig`ini saqlashga qaratilgan qonunchilik, birlamchi tibbiyot tizimini takomillashtirish, ona va bola salomatligini muhofazalash, yuqumli va yuqumli bo`lmagan kasalliklarga qarshi kurashish va boradagi profilaktika ishlari, farmasevtika va boshqa shu kabi yo`nalishlar ishtirokchilar diqqat markazida bo`ldi.
Konferensiya doirasida Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi va so`zga chiqdi.






