Bugun Toshkent shahar Yoshlar markazida Oliy ta`lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektorlari uchun o`quv-seminar tashkil etildi.
Xabaringiz bor, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori imzolangan edi.
Mazkur qarorga muvofiq, har bir Oliy ta`lim muassasasida yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektor lavozimi joriy etildi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Oliy va o`tra maxsus ta`lim vazirligi hamkorligida o`tkazilgan seminarning 1-kunida yurtimizdagi 86 ta oliy ta`lim muassasalarining prorektorlari ishtirok etishdi.
O`quv-seminarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbarlari ham qatnashdilar.
O`quv-seminarining ochilishida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlar, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va sport masalalari bo`yicha maslahatchisi A.Abduvohidov so`zga chiqib, Oliy ta`lim muassasalarida talaba-yoshlarga bilim berish va ularni tarbiyalashni bugungi kun talablaridan kelib chiqib yangicha asosda tashkil etishning dolzarb masalalari haqida fikr yuritdi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboev esa yangi lavozim egalarining oldiga qo`yilayotgan dolzarb vazifalar haqida alohida ta`kidlab o`tdi.
- Hozirda yoshlar bilan ishlash masalasi har qachongidan ham mas`uliyatli vazifaga aylandi. Ayniqsa,oliy o`quv yurti talabalari bilan ishlashda mavjud muammolar borligini kadrlar masalasida paydo bo`layotgan bo`shliq ko`rsatib turibdi. Bugungi talaba ertaga kuchli mutaxassis, ma`lum bir sohaning rivojiga hissa qo`sha oladigan innovasion yondashuvga ega etuk kadr bo`lishi kerak. Afsus, bu borada bizda birmuncha muammolar ko`zga tashlanyapti. Mening nazarimda, shuning uchun ham mazkur lavozim joriy etildi. Bu esa oldinda qilinishi kerak bo`lgan juda ko`p ishlar borligini ko`rsatadi. Bu borada bizga O`zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta`lim muassasalaridagi boshlang`ich tashkilotlari kengashi etakchilari, fakultet va guruh etakchilari yordamchi bo`la oladi, shuning uchun bu borada o`rtada hech qanday bo`shliq qoldirmasdan ularga yaqindan ko`maklashib, ular bilan kengashib ishlansa ayni ko`zlangan maqsadga erishiladi – dedi Q.Quranboev.
Seminarda yana 2017-2021 yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini amalga oshirilishida oliy ta`lim muassasalarining o`rni haqida fikrlar bildirilib, bu boradagi muhim vazifalar belgilab olindi.
Talaba yoshlarni sport sohasida erishgan yutuqlari tahlil qilinib, ta`lim muassasalaridagi sport inshootlaridan samarali foydalanish asosida talabalarning bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish va sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish bo`yicha talabalar o`rtasida bir qator nufuzli musobaqalar tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Ma`ruzalardan so`ng tinglovchilarga amaliy mashg`ulot berildi.
Prorektorlar mazkur vazifani bajarish uchun 6 guruhga bo`lingan holda ishladilar.
Amaliy mashg`ulot yakunida ular “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda oliy ta`lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektorlarining roli va tashabbuskorligi” mavzusida taklif va loyihalarining taqdimotini namoyish qilishdi.
Eslatib o`tamiz, mazkur seminar 25 noyabrgacha davom etadi.






