Tez orada Boxtardagi «Xoji Sharif» bozorida 20 nafar o`zbek tadbirkori savdo qilishni boshlaydi. Xatlon viloyat rasmiylari buning uchun bozordan 3 gektar joy ajratdi.
«Xoji Sharif» bozori 2011 yilda ochilgan bo`lib, 14 ming tadbirkorga mo`ljallangan. Bozorning umumiy maydoni 10 gektardan ko`proq. Qo`shnilar savdo qiladigan pavilon “Do`stlik” deb nomlanadi. Viloyat ma`muriyatidagi manbaning ma`lum qilishicha, o`tgan haftada bozorga Samarqanddan rasmiy delegasiya tashrif buyurdi va tomonlar hamkorlik to`g`risidagi hujjatni imzoladilar.
Xatlon viloyat Savdo-sanoat palatasi raisining o`rinbosari Sharaf Sangovning aytishicha, tez orada bu erda Samarqand va O`zbekistonning boshqa mintaqalarida ishlab chiqarilgan va etishtirilgan mahsulotlar sotila boshlanadi.
«Bizning mahsulotlarimiz ham qo`shni mamlakatga yuborilishi kutilmoqda», deya so`zlariga qo`shimcha qiladi.
Sangovning so`zlariga qaraganda, o`zbek mahsulotlari – maishiy texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, gilamlar “Do`stlik” bozoriga sifat tekshiruvidan o`tganidan so`ng olib kelinadi.
«Xoji Sharif» bozori ma`muriyati o`zbek tadbirkorlari bilan hamkorlik to`g`risidagi yangilikni tasdiqladi. Bozor ma`muriyati vakili Xabibullo Valievning aytishicha, 3 gektar maydonda o`zbek tadbirkorlarining do`koni joylashgan. Uning so`zlariga ko`ra, ular bozor qoshidagi mehmonxonalarda istiqomat qilishadi hamda barcha tadbirkorlar singari savdo nuqtalari uchun ijara haqi va soliqlarni to`lashadi.
O`zbek tadbirkorlarining paviloni ochilishi bilan viloyat aholisi mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olishga umid qilishmoqda.
28.11.2018 05:08
Tojikiston bozorida o`zbek tadbirkorlarining paviloni ochiladi






