AsosiyJamiyat

Askarlar O`zbekiston tarixi va “Temur tuzuklari” fanidan sinov topshiradi

'Askarlar O`zbekiston tarixi va “Temur tuzuklari” fanidan sinov topshiradi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig`ilishida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalasiga alohida e`tibor qaratdi.

Askarlar, harbiy xizmatchilar mamlakatimizning shonli tarixini, ona zaminimizda yashab o`tgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qo`mondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan g`ururlanishi kerakligini ta`kidladi.

– Mana, Amir Temur bobomiz bilan hammamiz faxrlanamiz. Lekin, xolisona aytaylik, ulug` Sohibqironning “Tuzuklar”ini qancha askar o`qigan, – deya savol qo`ydi Shavkat Mirziyoev. – Yoki buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va harbiy mahorati haqida hamma ham etarli bilimga egami? Vaholanki, bu ajdodlarimizning g`alabalari, strategiya va taktikalarini dunyodagi ko`plab harbiy maktab va akademiyalarda bugun ham o`rganishadi.

Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qilishdan oldin albatta O`zbekiston tarixi va “Temur tuzuklari” fanidan sinov topshirishi kerakligini ta`kidladi. Ilg`or harbiy qismlarga ulug` sarkardalarimizning nomini berish, mohir lashkarboshi bobolarimiz haqida ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitoblar, kinolar yaratishga ko`rsatma berdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

Mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini ishonchli ta`minlash bilan bevosita bog`liq bo`lgan harbiy ta`lim masalasiga birinchi darajali e`tibor qaratish, maktablardagi harbiy darslarga shu hududda xizmat qilayotgan, yuksak insoniy va kasbiy xususiyatlarga ega jangovar ofiserlarni jalb etish, o`quvchilarni harbiy qismlarga olib borib, xizmat jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

    Boshqa yangiliklar