AsosiyJamiyat

Suv uchun hisoblagich bo`yicha oldindan haq to`lash tartibi belgilandi

'Suv uchun hisoblagich bo`yicha oldindan haq to`lash tartibi belgilandi'ning rasmi

Iste`molchilarga suv ta`minoti va oqava suvni chiqarish xizmatlari ko`rsatish qoidalariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi (VMning 23.11.2018 yildagi 950-son qarori), deb xabar berdi «Norma».

Oldindan haq to`lash qoidalari belgilandi

Eslatib o`tamiz, 2018 yil boshidan barcha guruh iste`molchilariga suv ta`minoti va suv chiqarish xizmati ko`rsatish 100 foizlik oldindan haq to`lash asosida amalga oshiriladi (16.11.2017 yildagi PF–5241-son Farmonga qarang). Biroq hisobga olish priborlari o`rnatilgan iste`molchilarning oldindan haq to`lash tartibi belgilanmagan edi.

Kiritilgan tuzatishlar bilan ushbu nuqson bartaraf etildi:

  • hisobga olish priborlari mavjud bo`lganda – oxirgi 3 oyning o`rtacha sarfi bo`yicha;
  • hisobga olish priborlari mavjud bo`lmaganda oylik iste`mol normasi bo`yicha oldindan haq to`lash amalga oshiriladi.

Agar iste`molchi (qaysi guruhga mansubligidan qat`i nazar) yozma xabarnoma olgan paytdan boshlab 5 kun ichida keyingi oy uchun 10-sanaga qadar 100% oldindan haqni to`lamasa, Majburiy ijro byurosi uni suv ta`minoti va suv chiqarish xizmati tarmoqlaridan uzib qo`yadi (batafsil qarang).

Yangi mulkdor avvalgi egalarning debitorlik qarzi uchun javob beradi

Qoidalarning 115-bandiga o`zgartirishlar kiritildi. Endi ob`ekt egasi o`zgarganda iste`molchi chiqib ketishidan 7 kun avval debitorlik qarzlarini uzib, bu haqda Byuro (ilgari – suv quvuri-kanalizasiya xo`jaligi tashkiloti bilan, bundan keyin – ISKX) bilan dalolatnoma imzolashi shart. Iste`molchi chiqib ketgach, suvni hisobga olish pribori, plombalarning butligi va qoplanmagan debitorlik qarzi uchun (ilgari – faqat plombalar va hisoblagichning butligi uchun) javobgarlik ob`ektning yangi egasi zimmasiga yuklanadi. Binobarin, agar avvalgi mulkdor tomonidan qoplanmagan qarzdorlik aniqlansa, uni yangi egasi to`lashi kerak bo`ladi.

Qayta ulash uchun qancha haq to`lanadi?

Suv ta`minoti va oqava suvni chiqarish tizimlaridan ilgari uzib qo`yilgan (o`zboshimchalik bilan ulanish, qarzdorlik mavjud bo`lganda yoki shartnoma shartlari bajarilmaganda) iste`molchilarni qayta ulashda quyidagi miqdorda haq undiriladi:

  • xususiy uy-joylarda va ko`p kvartirali uydagi xonadonlarda yashaydigan jismoniy shaxslardan (I guruh iste`molchilari) – 2 EKIH;
  • qolgan guruh iste`molchilaridan – 10 EKIH.

Ushbu mablag`lar qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga o`tkaziladi.

Hisoblagich ko`rsatkichlari oyda bir marta olinadi

Iste`molchilar bilan hisob-kitob qilishga asos bo`ladigan suvni hisobga olish priborlarining ko`rsatkichlari Majburiy ijro byurosi tomonidan har oyda 1 marta olinadi (ilgari – ISKX tashkiloti xodimlari tomonidan har chorakda 1 marta). Shundan so`ng tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirish orqali iste`molchilarning ma`lumotlariga o`zgartirishlar kiritiladi. U ikki nusxada tuziladi, bittasi iste`molchiga topshiriladi.

Hisoblagichni davriy qiyoslovdan o`tkazish to`g`risida ogohlantirish xati muddatida kelmagan bo`lsa…

Kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq – agar ISKX tashkiloti davriy qiyoslovdan o`tkazish muddati tugashi haqida ogohlantirish xatini oldindan (kamida 30 kalendar kun avval) jo`natmasa, suv haqi odatdagidek hisoblagich ko`rsatkichlari asosida to`lanaveradi. Qaytadan hisob-kitob qilish qat`iyan man etiladi.

ISKX tashkiloti yoki Byuro iste`molchiga ogohlantirish xati yuborgandan so`ng belgilangan muddatda davriy qiyoslovdan o`tkazilmagan hisoblagichning ko`rsatkichlari inobatga olinmaydi, iste`mol qilingan suv uchun hisob-kitob esa quyidagicha amalga oshiriladi:

  • I guruh iste`molchilari (xususiy uy-joylarda va ko`p kvartirali uydagi xonadonlarda yashaydigan jismoniy shaxslar) uchun – Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan amaldagi suv iste`moli normalariga muvofiq (Qoidalarning 87-bandi «a» kichik bandi bo`yicha);
  • qolgan barcha iste`molchilar uchun – Qoidalarning 87-bandi «b» kichik bandida belgilangan formula bo`yicha asosiy ichimlik suv tarmog`i ulanmasining suv o`tkazish quvvati bo`yicha.

Byuro ishtirokida

Ko`p o`zgartirish va qo`shimchalar Majburiy ijro byurosining faoliyati bilan bog`liq. Uning xodimlari iste`molchi bilan suv ta`minoti tashkiloti o`rtasidagi o`zaro hisob-kitoblarning aniqligiga ta`sir ko`rsata oladigan barcha masalalar echimida ishtirok etishlari shart. Xususan, suvni hisobga olish priborini ulash, tarmoqdan uzish, o`rnatish, almashtirish, echish Byuro vakilining ishtirokida amalga oshiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 23.11.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar