2018 yil 10-11 dekabr kuni O`zbekistonda “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasining 2018 yil yakunlari va "Yo`l xaritasi-2019"ni ishlab chiqishga bag`ishlangan xalqaro multimediya forumi bo`lib o`tadi.
«O`zEOAVMA media-xolli» (“Zarafshon” konsert zali)da bo`lib o`tadigan forum ilmiy va madaniy qismlardan iborat. Hozirdan ishonch bilan aytish mumkinki, tadbir yangi kashfiyotlar olib keladi. Olimlar o`z natijalari va shov-shuvli topilmalari haqida so`zlab berishadi. Masalan, dunyoga mashhur olim, tarix fanlari doktori, Sankt-Peterburglik Efim Rezvan O`zbekiston hududiga tegishli dunyoning 114 ta Kur`onlari haqida qiziqarli ma`lumotlar bilan o`rtoqlashadi. Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr kitob nashriyotida kengaytirilgan voqelikni qanday qo`llash mumkinligi haqida so`zlab beradi. O`zbek olimlarining o`tmishda kichik nashrlarda chop etilgan, natijada keng doiradagi kitobxonlarning foydalanishiga imkoniyat bermagan qimmatli ilmiy asarlarini qayta nashr etish loyihasi taqdim etiladi. Ushbu turkumning birinchi kitobi – E. V. Rtveladzening “Buyuk Hind yo`li”. “O`zbekistonning 100 mashhur qo`lyozma yodgorliklari” loyihasining taqdimoti - Sharafaddin Yazdining “Zafarnoma” (“G`alabalar kitobi”) faksimilesi taqdimoti forumning muhim qismiga aylanadi. “Rossiya – Kultura” telekanalining O`zEOAVMA bilan birgalikdagi “O`zbekiston. Sevgi haqida afsonalar” to`rt seriyali hujjatli filmi, shuningdek Germaniya kinokompaniyasi tomonidan “O`zbekistonning buyuk faylasuflari” filmini suratga olish bo`yicha loyihaning revyusi o`tkaziladi.
Ikki kunlik faol muloqotlar va taqdimotlar, kashfiyotlar va taqdirlashlar O`zbekiston uchun tarixiy voqea bo`ladi.
Tadbir doirasida "Zamonaviy dunyodagi madaniy meros: saqlash va ommalashtirish" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyida “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasining doimiy ko`rgazmasini ochilish marosimi bo`lib o`tadi.
Forumning madaniy dasturini O`zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish va turistik salohiyatini oshirishga yo`naltirilgan “Ijtimoiy jihatdan muhim media mahsulotlari X milliy festivali” davom ettiradi.
Shu yili nashrga tayyorlangan 10 ta albom taqdimoti rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, interaktiv hududda O`zbekistonda birinchi marta ilmiy-madaniy sohada 3D texnologiyasi taqdimoti bo`lib o`tadi.
Ikki kun davom etadigan forum natijalari bo`yicha O`zbekistonning madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati faoliyatining 2019 yil uchun yo`l xaritasi ishlab chiqiladi.
Tadbir tashkilotchilari – O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA) milliy va xalqaro hamkorlar ko`magida. Ular orasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining mablag`larini boshqarish bo`yicha parlament komissiyasi, O`zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish bo`yicha davlat qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizasiyasi markazi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi.






