Farg`ona viloyati Buvayda tumani 3-umumiy o`rta ta`lim maktabi o`qituvchisi o`quvchilarni haqoratlagani, kamsitgani va kaltaklagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Buvayda tumani 3-umumiy o`rta ta`lim maktabida sinf rahbarlari va fan o`qituvchilari tomonidan turli maqsadlarga pul yig`ilgani, pul bermagan o`quvchilarni haqoratlash, kaltaklashlar to`g`risida ma`lumotlar chop etilgan edi.
O`zbekiston Xalq ta`limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati chop etilgan materiallar yuzasidan tekshiruv o`tkazdi.
Tekshirish natijasida 2018 yilning 16 noyabr kuni maktabning 7-V sinf rahbari R. M. shu sinfda ma`naviyat soati o`tish jarayonida ikki o`quvchiga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgani, ya`ni obunaga pul bermaganliklari uchun sinf o`quvchilari oldida haqoratlab, kamsitgan va kaltaklaganligi aniqlandi.
Farg`ona Xalq ta`limi boshqarma boshlig`ining buyrug`iga asosan, o`qituvchi R.M. va Ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha maktab direktori o`rinbosari X.A. egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.
Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko`ra, maktab direktori R.A.ga esa intizomiy chora ko`rilgan.
Qayd etilishicha, Farg`ona Xalq ta`limi boshqarmasi mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda o`quv muassasasini ko`mir yoki ko`mir briketi bilan ta`minlash uchun kerakli choralar ko`rmoqda.
«O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi zo`ravonlikning barcha ko`rinishlarini qoralaydi hamda o`qituvchilar, o`quvchilar va ularning ota-onalarini bosiqlikka va o`zaro kelishmovchiliklarni tinch yo`l bilan hal etishga chaqiradi.
Xalq ta`limi vazirligi maktab xodimlarini ota-onalardan turli maqsadlar uchun noqonuniy mablag`lar yig`ish amaliyotini to`xtatishni so`raydi», - deyiladi vazirlik ma`lumotida.






