AsosiyJamiyat

"Xalqaro nogironlar kuni" munosabati bilan tadbir uyushtirildi

'"Xalqaro nogironlar kuni" munosabati bilan tadbir uyushtirildi'ning rasmi

Joriy yilning 3 dekabr kuni “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi Diniy ishlar bo`yicha qo`mita, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda O`zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan imkoniyati cheklanganlar (ko`zi ojizlar, eshitish va gapirish qobiliyati sust va nogironlar) uchun “Ko`hinur” to`yxonasida tadbir va bayram dasturxoni tashkil qilindi. Tadbirda 400 yaqin nogironligi bo`lgan insonlar qatnashdi.

Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkasi huzuridagi Diniy ishlar bo`yicha qo`mita raisi o`rinbosari Nurimon Abulhasan ochib berdi. Jamiyatimizning har bir qatlami Prezidentimizning e`tiborlarida ekanligini qayd qilib, olib borilayotgan diniy-ma`rifiy tadbirlarni boshqa viloyatlardagi imkoniyati cheklanganlarga ham o`tkazish zarurligi aytib o`tdi.

Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Shuxrat Turdiqulov nogironligi bo`lgan insonlarga uy-joy bilan ta`minlash masalalarida ko`rsatilayotgan yordam haqida ma`lumot berdilar.

“Hilol-nashr” nashriyoti direktori Ismoil Muhammad Yusuf imkoniyati cheklanganlarga yurtimizda ko`rsatilayotgan g`amho`rlikni e`tirof etib, nashriyot tomonidan chiqarilgan eshitish va gapirish imkoniyati sust insonlar uchun “Namoz va poklik” surdo tarjimonli disk va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Mo`minning meroji” kitobi, ko`zi ojizlarimiz uchun “Namoz va poklik” audiodiski va nogironligi bo`lganlarga esa Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Ijtimoiy odoblar”, “Vasatiya yo`li”, “Imon” disklari taqdim etildi.

Har yili 3 dekabr sanasida nogironligi bo`lgan shaxslar kunining nishonlanishidan asosiy maqsad butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo`lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta`minlab, barcha uchun ochiq va do`stona bo`lgan jamiyat qurishdan iboratdir.
O`zbekistonda ham nogironligi bo`lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to`laqonli a`zosi ekanliklarini ko`rsatish maqsadida turli tadbir va islohotlar amalga oshirilmoqda.

Eslatib o`tamizki, O`zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida shu vaqtga qadar imkoniyati cheklanganlarga 120 dan ortiq diniy-ma`rifiy suhbatlar tashkil qilindi, shuningdek “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 400 dan ortiq nogironligi bo`lgan insonlar ko`ngli olindi.

    Boshqa yangiliklar