1

Scorpion filmi rekord darajada tomoshabin yig`di

Madaniyat 04.12.2018, 09:39
Scorpion filmi rekord darajada tomoshabin yig`di

1 dekabr kuni poytaxtimiz kinoteatrlarida “Scorpion” trillerining premerasi bo`lib o`tdi.

Ilk uikendda (dam olish kunlarida) kartinani tomosha qilish uchun kinoteatrlarga 15 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi. Boshqa filmlar namoyishiga keladigan tomoshabinlar soni bilan taqqoslaganda bu ko`rsatkich 15-20 barobarga ko`p. Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi ma`muriyatidan ma`lum qilinishicha, kinoixlasmandlarining talabidan kelib chiqqan holda deyarli barcha kinozallarda besh smenada ham “Scorpion” filmi namoyish etilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Muxlisa Azizova rejissyorligida ishlab chiqarilgan “Scorpion” trilleri 27 noyabr kuni IV PROlogue xalqaro kinofestivalining ochilishida gala-premera qilingan edi. Kartina shu kunning o`zidayoq o`zbek va xorij kinosi vakillari tomonidan yuksak e`tirof etildi.

Triller Toshkent, Buxoro, Sankt-Peterburg va Marokashda suratga olingan.

Yoshlar o`rtasida xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishga da`vat etuvchi filmda Farhod Mahmudov, Karim Mirhodiev, Yulduz Rajabova, Ra`no Shodieva kabi taniqli aktyorlar ishtirok etdi. Shuningdek, rollarda mashhur turkiyalik aktyor Murat Yildirim va rossiyalik aktyor Vyacheslav Razbegaev rol ijro etgan.

Film ssenariy muallifi Bob Andervud (AQSh), kartina operatori Maks Sui (Germaniya). Ovoz ustida ishlash jarayoni «Mosfilm» kinokonserni mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan. Rang-tasvir esa Moskvaning Color Kitchen kompaniyasi hamkorligida olib borilgan. Filmning ovoz dizayni ustida amerikalik ovoz rejissyori Geri Burjua ishlagan.

Kartina tizeri bir kun ichida bir million martadan ortiq tomosha qilingan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1