AsosiyJamiyat

Prezident topshirig`ini bajarishga kirishildi

'Prezident topshirig`ini bajarishga kirishildi'ning rasmi

Bugun, 4 dekabr kuni Xavfsizlik kengashining 28 noyabrdagi kengaytirilgan yig`ilishida O`zbekiston Prezidenti tomonidan harbiy xizmatchilarning ma`naviy-ma`rifiy saviyasini oshirish yo`lida qo`yilgan vazifalarning ijrosiga qaratilgan yig`ilish bo`lib o`tdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, bastakorlar, kino, madaniyat va san`at namoyondalari, rassomlar hamda ijodkorlar ishtirok etdi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidenti ushbu yig`ilishda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiylarga mamlakatimizning buyuk tarixini o`rgatish, ular bilan faxrlanish tuyg`usini shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, armiya va xalq birligini ta`minlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda ishlarni kuchaytirish orqali milliy armiyamiz saflarini mustahkam iroda, faol fuqarolik pozisiyasiga ega bo`lgan yoshlar bilan to`ldirib borish bo`yicha keng ko`lamli topshiriqlarni bergandi.

O`zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari polkovnik Azizbek Ikramov raisligida o`tgan bugungi uchrashuvda ushbu vazifalar ijrosi va yosh-avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirib olindi.

“Biz birinchi navbatda harbiy xizmatchilarimizning ma`naviy saviyasini oshirishimiz kerak. Prezidentimiz ham bekorga «Temur tuzuklari»gni chuqurroq o`rganishga e`tibor qaratishimiz lozimligini ta`kidlamadilar. Har bir harbiy xizmatchi bu kitobga yozilgan tariximiz, harbiy san`at va strategiya haqida ma`lumotlarni bilishi lozim. Biz esa buning uchun hamkorlikda ishlashimiz kerak. Endilikda barcha ishlar qog`ozda qolib ketmaydi. Mudofaa vazirligi tomondan nimaiki yordam kerak bo`lsa, doim tayyormiz”, — dedi Azizbek Ikramov.

Shuningdek, yig`ilish davomida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi filmlar, multfilmlar, saf qo`shiqlari, marshlarni yaratish lozimligi alohida qayd etib o`tildi. Vatanparvarlik mavzusidagi respublika qo`shiqlar tanlovini o`tkazish, keyinchalik ushbu qo`shiqlar to`plamini chop etib, barcha harbiy qismlarga etkazish taklifi bildirildi.

«Saf qo`shiqlarimiz juda eskirib ketgan. Necha yillardan buyon o`zgarmay keladi. Biz Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kasaba uyushmalari federasiyasi hamda O`zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ularni yangilash, kerak bo`lsa askarlarimizning jangovarligini oshirishga xizmat qiladigan kuylarni yaratishimiz kerak», — deydi O`zbekiston bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullaev.

Yig`ilish yakunida hamkorlikdagi ishlarni yanada rivojlantirish bo`yicha «Yo`l xaritasi»ni ishlab chiqish va uni takomillashtirish to`g`risida barcha tomonlar o`z takliflarini bildirishi haqida kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar