Joriy yilning 3-7 dekabr kunlari Oliy ma`lumotga ega bo`lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslariga kirish imtihonlari bo`lib o`tmoqda.
Ushbu kurslar Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha professional o`qitish markazida tashkil etiladi.
Mazkur kurslarga 100 nafar (75 o`zbek, 25 rus)tinglovchi qabul qilinib, to`lov-kontrakt miqdori 7 500 000 so`mni tashkil etadi.
2018 yilning 2-31 oktyabr kunlari 347 nafar
(307 nafar o`zbek guruhiga, 40 nafar rus guruhiga) oliy ma`lumotga ega bo`lgan shaxslardan hujjatlar 47 ta soha mutaxassisligi bo`yicha centertsul.uz va qabul.tsul.uz saytlari orqali elektron shaklda qabul qilingan.
Quyidagi mezonlar asosida talabgorlardan kurslarga kirish imtihonlari suhbat orqali o`tkaziladi:
1) yuridik kasbni tanlashning asoslantirilishi;
2) huquq sohasidagi tayanch bilimga egaligi;
3) tahliliy fikrlash qobiliyatini aniqlash.
Kirish imtihonlari 2 smenada (09:00-13:00 va 14:00-18:00) tashkil qilingan bo`lib, u jahon internet tarmog`i (http://camera.telecomtv.uz/) orqali onlayn translyasiya qilinmoqda. Bu esa uning adolatli va shaffof tarzda o`tilishini ta`minlamoqda.
3-4 dekabr kunlari bo`lib o`tgan kirish imtihonlarida 140 nafardan ziyod talabgorlar suhbatlarda qatnashdi.
Ma`lumot o`rnida aytish joizki, kirish imtihonlaridan yuqori ball to`plab, tavsiya etilgan talabgorlarga o`quv jarayonlari 2019 yil yanvar oyidan boshlanib, 6 oy davom etadi.Kurslarini tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxslar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida ishlash huquqiga ega bo`ladi.






