Facebook ijtimoiy tarmog`i anonim tarzda muloqot qilish uchun mo`ljallangan Rooms dasturini taqdim etdi. Bu haqda TASSga asoslanib Daryo nashri xabar bermoqda. Uning foydalanuvchilari taklif etilgan mavzular bo`yicha taxallus ostida suhbatlashishi mumkin, bundan tashqari, ular ijtimoiy tarmoqda ro`yxatga olingan akkauntga ega bo`lishi shart emas.
Ingliz tilidan «Xonalar» deb tarjima qilinuvchi ushbu dasturda istalgan kishi chat ochib, unda ishtirok etish uchun barchaga taklifnoma jo`natishi mumkin. Rooms’ning tashqi ko`rinishi yangiliklar tasmasini eslatadi, foydalanuvchilar uni ko`zdan kechirib, o`ziga yoqqan «xona»ni tanlashi mumkin.
Kompaniya vakili Josh Millerning aniqlik kiritishicha, dasturdan foydalanish chog`ida ismlarni o`zgartirish mumkin. «Xona»larga shuningdek fotosurat, videolar joylash, fon rasmlarini tanlash mumkin.
AQSh va Buyuk Britaniyadagilar ushbu dasturdan foydalanish imkoniyatini qo`lga kiritib bo`ldi. U hozircha faqat iOS platformasi uchun chiqarilgan.